Suriyada gaz quvuri portlashi oqibatida uchta elektr stansiyasi ishdan chiqqan va yirik yong‘in yuz bergan. Bu haqda davlat axborot agentligi SANA xabar berdi.
Suriya elektr kompaniyasining ma’lum qilishicha, Sharqiy G‘uta hududidagi portlashdan so‘ng gaz ta’minoti yetarli bo‘lmagani sababli Dayr Ali, an-Nosiriya va Tishrin elektr stansiyalari to‘xtatilgan. Hozirda yong‘in davom etmoqda, rasmiylar portlash sababini aniqlay olmagan.
Kompaniya maxsus guruhlar vaziyatni bartaraf etish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, uch stansiyaning to‘xtatilishi elektr ta’minoti kamayishi sababli energiya taqsimoti soatlarini ko‘paytirishga olib kelishi ogohlantirildi.
Chorshanba kungi portlashdan oldin ham Suriya gaz tarmog‘i so‘nggi olti hafta ichida ikki marta portlashga uchragan edi. Suriya neft kompaniyasi ikkala hodisani sabotaj natijasi deb atagan. Hozircha hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Suriyaliklar so‘nggi oylarda energiya narxlarining oshishidan shikoyat qilmoqda, ikki hafta oldin mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Hukumat dizel narxini 40 foizgacha, benzin narxini esa 28 foizga oshirgan. Rasmiylar bu o‘sish vaqtinchalik ekanini va jahon energiya narxlarining keskin ko‘tarilishi bilan bog‘liqligini aytgan.
Source: www.aljazeera.com