Efiopiyaning shimoliy Tigray viloyatidagi qurolli muxolifat koalitsiyasiga rahbarlik qilayotgan «Tigray xalq ozodlik fronti» (TPLF) poytaxt Mekelle shahridan chekinganini e’lon qildi. Ushbu qaror Efiopiya federal armiyasi va hukumatparast kuchlarning qat’iy hujumlari ortidan qabul qilindi. Shanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda bayonot bergan TPLF rahbariyati shahar hududidan «vaqtincha chiqib ketganini» hamda o‘z faoliyatini «boshqa joydan davom ettirishini» tasdiqladi.
Muxolifatning bu harakati Efiopiya mudofaa kuchlari va mahalliy ittifoqchilar tomonidan Mekellening xalqaro ahamiyatga ega bosh aeroporti qaytarib olinganidan bir necha soat o‘tib yuz berdi. Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi «Tigray tinchlik kuchlari» guruhiga yaqin manbalarning xabar berishicha, ularning jangarilari shanba kuni tushdan keyin shahar markaziga kirib borgan, ularning ketidan esa rasmiy federal harbiy qismlar joylashgan. Xalqaro agentliklar va gumanitar tashkilotlarning mahalliy manbalari Mekelle to‘liq hukumat nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi.
Mazkur hududda qurolli to‘qnashuvlar joriy yilning 23-sentabrida qaytadan avj olgan edi. O‘shanda yettita qurolli va siyosiy guruh Bosh vazir Abiy Ahmad hukumatini ag‘darish hamda yangi o‘tish davri ma’muriyatini tuzish maqsadida o‘zaro ittifoq tuzganliklarini e’lon qilishgan edi. Bu holat 2022-yilda federal markaz va Tigray kuchlari o‘rtasida erishilgan va dahshatli urushga chek qo‘ygan tinchlik kelishuvining amalda butunlay barbod bo‘lganini ko‘rsatadi.
Qayta alangalangan harbiy harakatlar Afrikada keng ko‘lamli mintaqaviy nizo keltirib chiqarishi mumkin degan jiddiy xavotirlar mavjud. Efiopiya rasmiylari Eritreya, Sudan va Misrni muxolif koalitsiyani yashirin ravishda qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda. Garchi Qohira va Xartum bu ayblovlarni rad etgan bo‘lsa-da, 2020–2022-yillardagi urushda Addis-Abeba tomonida jang qilgan Eritreya mazkur da’volar sabab Efiopiya bilan diplomatik aloqalarni butunlay uzdi.
Mintaqadagi vaziyat chigallashib borar ekan, AQSh rejimi ham voqealar rivojiga munosabat bildirishga urindi. Xususan, AQSh rejimi Davlat departamenti go‘yoki tomonlarni qo‘shnilarining hududiy yaxlitligini hurmat qilishga va bosiqlik namoyish etishga da’vat qiluvchi bayonot chiqardi. Biroq Vashington rejimining bunday chaqiriqlari mintaqadagi chuqur ildiz otgan nizolarni yumshatishga qanchalik xizmat qilishi shubha ostida qolmoqda.
Source: www.aljazeera.com