Flydubai aviakompaniyasining FZ1073 reysi bortida ikkinchi uchuvchining kema sardoriga qurolli hujum qilishi xalqaro aviatsiya xavfsizligi tizimidagi chuqur muammolar va jiddiy kamchiliklarni fosh etdi. Dubay xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilganidan taxminan ikki yarim soat o‘tgach, layner to‘satdan keskin sho‘ng‘ish holatiga tushib qolgan va yakunda Saudiya Arabistoniga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan. Birlashgan Arab Amirliklari bosh prokurorining ta’kidlashicha, ikkinchi uchuvchi samolyot sardori Smit Machchxarga kabinadagi maxsus avariya boltasi bilan tajovuz qilgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, hujumchi Ummon fuqarosi Hamom al-Hammomiy deb aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u radikal qarashlari va mafkuraviy pozitsiyasi sababli ilgari Ummon rasmiylari tomonidan parvozlardan chetlashtirilgan, o‘quv mashg‘ulotlaridan chiqarilgan hamda milliy aviakompaniyadagi ishidan bo‘shatilgan edi. Shunga qaramay, bunday jiddiy ogohlantirish belgilariga ega bo‘lgan shaxsning Flydubai marshrutlariga qanday qilib qo‘yilgani xalqaro nazorat tizimining sustligidan darak bermoqda.
Hodisa tafsilotlariga ko‘ra, qonga belangan sardor kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan va yo‘lovchilar hujumchini zararsizlantirgan. Isroil rejimi yetakchisi Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda o‘zini chilangar deb tanishtirgan Yaniv Xayun ismli yo‘lovchi boshqaruv pultini ushlab, samolyotni qulashdan saqlab qolganini da’vo qilgan. U bu boradagi ko‘nikmani guyo hujjatli ko‘rsatuvlarni tomosha qilish orqali olganini aytgan bo‘lsa-da, mutaxassislar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari professional bo‘lmagan shaxsning murakkab havo kemasini bunday vaziyatda qanday boshqara olgani haqidagi rivoyatga shubha bilan qaramoqda.
Flightradar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot ikki daqiqadan kamroq vaqt ichida 5180 metrdan ko‘proq balandlikni yo‘qotgan. Aviatsiya instruktorlari bunday tik sho‘ng‘ish paytida layner ruxsat etilgan maksimal konstruktiv tezlikdan oshib ketishi va salonda og‘ir jarohatlar keltirib chiqarishi lozimligini eslatib, hodisaning rasmiy bayonotlaridagi noaniqliklarga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, Isroil rejimi xavfsizlik tuzilmalari, jumladan, “Mossad” hamda tegishli vazirliklar ekipaj a’zolari ro‘yxatini oldindan olganiga qaramay, xavfni o‘z vaqtida aniqlay olmagani jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Source: www.aljazeera.com