Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Yaman Prezidentlik yetakchilik kengashi rahbari Rashod al-Alimiy mamlakatning butun hududida qonuniy hokimiyatni tiklash hamda husiylar nazoratidagi qolgan yerlarni ozod etish bo‘yicha keng ko‘lamli harbiy operatsiyalar boshlanganini ma’lum qildi. Televideniye orqali xalqqa murojaat qilgan rahbar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan kuchlarning barcha vazifalari tasdiqlangan reja asosida amalga oshirilishini ta’kidladi.
Murojaatda qayd etilishicha, qurolli kuchlar, xavfsizlik tuzilmalari hamda barcha harbiy bo‘linmalarga Yamanni isyonchi guruhlardan to‘liq tozalash bo‘yicha topshiriq berilgan. Al-Alimiy davlatning barcha idora va muassasalari to‘liq g‘alaba qozonilgunga qadar va vazifalar yakunlanmagunicha yuqori shaylik holatiga keltirilishini bildirdi.
Yaman hukumati kuchlari vakili polkovnik Majid Abdulloh an-Naziliy bergan ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiyalar e’lon qilinishidan oldin husiylarning harbiy pozitsiyalari va omborlariga qarshi 257 ta aniq zarba yo‘llangan. Dastlabki hisob-kitoblarga tayanilsa, ushbu intensiv hujumlar natijasida husiylar safidagi 700 ga yaqin jangari yo‘q qilingani da’vo qilinmoqda.
Shu bilan birga, Saudiya yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari ham amaliyotlarda faol ishtirok etmoqda. Koalitsiya vakili Turki al-Molik husiylarning tashqi kuchlar bilan aloqasi Yamanga faqatgina vayronagarchilik va xaos olib kelganini urg‘uladi. Shuningdek, yakshanba kuni erta tongda harbiy samolyotlar, dronlar, artilleriya va raketalar ko‘magida Tor al-Baha hamda Taiz yo‘nalishlarida husiylarning qo‘shimcha kuchlariga qarshi yana 97 ta zarba berilgani bildirildi.
Yamanda hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 2022 yilda tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha mo‘rt kelishuv bekor bo‘lganidan so‘ng keskinlashdi. Sentyabr o‘rtalarida husiylar Qizil dengizdagi xalqaro neft yo‘nalishlari o‘tuvchi strategik ahamiyatga ega Bab al-Mandab bo‘g‘ozi va Moxa portini egallashga uringan edi. 2014 yilda poytaxt Sano qo‘ldan ketganidan beri davom etayotgan urush mamlakatda yuz minglab odamlarni boshpanasiz qoldirmoqda.
Source: www.aljazeera.com