Avstraliya politsiyasi va razvedka xizmatlarini o‘z ichiga olgan Viktoriya qo‘shma aksilterror guruhi Flydubai aviakompaniyasining Dubaydan Isroilga yo‘l olgan samolyotida kapranga bolta bilan hujum qilgan ikkinchi uchuvchining mamlakat bilan aloqalarini o‘rganishga kirishdi. FZ1073 reysida boshqaruvni egallashga uringan ushbu shaxs o‘tmishda Avstraliyada yashagani va tahsil olgani aniqlangan bo‘lib, rasmiylar uning ehtimoliy radikal aloqalarini sinchkovlik bilan tekshirmoqda.
OAV xabarlariga ko‘ra, qo‘lga olingan ikkinchi uchuvchi Ummon fuqarosi Hamam al-Hammami bo‘lib, u ilgari radikal qarashlarga ega bo‘lgani sababli o‘z vatanida parvozlardan chetlashtirilgan bo‘lgan. Shunga qaramay, uning xalqaro reys kabinasiga qanday qilib o‘tirib qolgani jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Reuters agentligi xabar berishicha, u taxminan o‘n yil avval Melburndagi RMIT universitetida tahsil olgan. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra esa, gumonlanuvchi Avstraliyada bo‘lgan davrida radikal masjidlar va ekstremistik veb-saytlarga tashrif buyurgani da’vo qilinmoqda.
Parvoz vaqtida boshlangan vahimali to‘qnashuv yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining tezkor aralashuvi tufayli fojiasiz yakunlandi. Ikkinchi uchuvchi zararsizlantirilib, zaxiradagi uchuvchi samolyot boshqaruvini qo‘lga oldi va Saudiyaga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Birlashgan Arab Amirliklari bosh prokurori Hamad Sayf al-Shamsiy sodir bo‘lgan hodisani terrorchilik harakatiga urinish deb baholadi.
Mazkur favqulodda hodisa o‘zining qat’iy xavfsizlik protokollari bilan maqtangan Isroil rejimining jiddiy kamchiliklarini ham yuzaga chiqardi. Isroil rejimi rahbari Benyamin Netanyaxu rasmiy Tel-Aviv bilan diplomatik aloqalari bo‘lmagan davlatlar fuqarolarining mamlakatga parvoz qilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishuvlar mavjudligini aytib, tizimdagi «bo‘shliq» sabab ushbu ummonlik uchuvchi samolyot boshqaruvida bo‘lib qolganini tan oldi hamda tekshiruvlar kuchaytirilishini ma’lum qildi.
BAA rasmiylari hujumchining harakatlari ortidagi aniq sabablarni va uning yolg‘iz harakat qilgan-qilmaganini hozircha to‘liq oshkor qilgani yo‘q. Shuningdek, BAA prezidenti maslahatchisi Anvar Gargash ushbu terakt xavfi mintaqada ekstremizmga qarshi kurash hali yakunlanmaganidan ogohlantirish ekanini ta’kidladi.
Source: www.aljazeera.com