Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Pokistonning qamoqdagi sobiq bosh vaziri Imron Xonning minglab tarafdorlari hukumat bilan muzokaralar natijasiz yakunlangach, mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlaridan poytaxt Islomobod tomon ommaviy norozilik yurishini boshladi. Xabarlarga ko‘ra, yakshanba kuni boshlangan mazkur namoyishda kamida 5 ming kishi ishtirok etmoqda. Imron Xon yetakchiligidagi “Pokiston adolat harakati” (PTI) partiyasi ushbu aksiyani dastlab 27-sentabrga rejalashtirgan, biroq hukumat bilan muloqotga imkon yaratish maqsadida uni 4-oktabrga qoldirgan edi. Shunga qaramay, dam olish kunlarida o‘tkazilgan ikki bosqichli muzokaralar ham kutilgan natijani bermadi.

Mazkur norozilik yurishi so‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra mamlakatning eng mashhur siyosatchisi sanalgan 73 yoshli Imron Xonni ozodlikka chiqarish uchun rasmiy Islomobodga bosim o‘tkazishga qaratilgan. Sobiq bosh vazir 2023-yilning avgust oyidan buyon panjara ortida qolmoqda. Uning tarafdorlari barcha ayblovlarni siyosiy buyurtma deb atayotgan bo‘lsa-da, unga chiqarilgan hukmlarning bittasidan tashqari barchasi apellyatsiya sudlari orqali bekor qilingan yoki ijrosi to‘xtatilgan. PTI ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilingan tasvirlarda, partiya boshqaruvidagi Xayber-Paxtunxva viloyatining turli hududlaridan odamlar karvonlarga birlashib, yo‘lga chiqqani ko‘rinadi.

Mintaqa bosh vaziri Suhail Afridiy o‘z chiqishlarida sobiq yetakchini qo‘llab-quvvatlash aksiyasi qat’iy davom etishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, namoyishchilar karvoni payshanba kuniga qadar Islomoboddan 80 kilometr g‘arbda joylashgan Xayrobodga yetib boradi va o‘sha yerda harakatning “keyingi bosqichi” rejasi e’lon qilinadi. Bunga javoban, federal hukumat bir necha haftadan buyon tayyorgarlik ko‘rib, Islomobodga kiruvchi asosiy magistrallarni yuk konteynerlari bilan to‘sib qo‘ygan.

Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi muzokaralar barbod bo‘lganini tasdiqlab, Afridiyni kelishuvlarni ataylab buzganlikda aybladi va poytaxtda har qanday tartibsizliklarning oldi olinishini bildirdi. U Islomobod Oliy sudining yo‘llar, ko‘priklar va davlat binolarini to‘sishni taqiqlovchi qarorini eslatib, qonunbuzarlar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, birma-bir javobgarlikka tortilishini ogohlantirdi. PTI esa Imron Xonning o‘ng ko‘zi jiddiy davolanishga muhtojligi hamda uning uch nafar singlisi o‘tgan oyda hibsga olinganidan xavotir bildirib, zudlik bilan adolat talab qilmoqda.

Source: www.aljazeera.com