Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buyuk Britaniya Yashillar partiyasi o‘zining navbatdagi qurultoyida sionizm g‘oyasini rasman irqchilikning bir ko‘rinishi sifatida tan olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qaror Isroil rejimi hamda Britaniyadagi ayrim yahudiy tashkilotlarining keskin va g‘azabnok munosabatiga sabab bo‘ldi. Isroil tashqi ishlar vazirligi chap qanotga moyil partiyani go‘yoki “terrorizmni qonuniylashtirish”da ayblab chiqdi va boshqa Britaniya siyosiy kuchlarini mazkur rezolyutsiyani qoralashga chaqirdi.

Britaniyadagi so‘nggi umumiy saylovlarda atigi 6 foiz atrofida ovoz to‘plagan Yashillar partiyasi o‘tkazgan ovoz berish jarayonida 1022 nafar a’zo rezolyutsiyani yoqlagan bo‘lsa, 813 nafari qarshi chiqqan. Hujjatda sionizm “etnomillatchi siyosiy loyiha” deb baholangan hamda Buyuk Britaniya leybopristlar rejimidan Isroil rejimiga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha har qanday savdoni to‘liq to‘xtatish talab qilingan. Shuningdek, partiya Falastin xalqining o‘z yerlariga qaytish huquqini, Isroilga nisbatan xalqaro boykot (BDS) kampaniyasini hamda tarixiy Falastin hududida yagona demokratik davlat tuzilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Mazkur hodisa Isroil rejimining yuqori doiralarida kuchli e’tirozga sabab bo‘ldi. Isroil rejimi prezidenti Isaak Gersog buni “sharmandalik” deb atab, sionizmni irqchilik deb atash go‘yoki butun dunyodagi yahudiylar xavfsizligiga daxl qilishi haqidagi bayonot bilan chiqdi. Isroil rejimi tashqi siyosat mahkamasi esa ijtimoiy tarmoqlarda partiyani HAMAS mafkurasini qabul qilganlikda ayblab, ritorikani yanada keskinlashtirdi. Shuningdek, muxolifat yetakchisi Yair Lapid va Progressiv iudaizm harakati ham Yashillar partiyasini antisemitizmda ayblashga urindi.

O‘z navbatida, Yashillar partiyasi yetakchilari o‘z pozitsiyalarini qat’iy himoya qilmoqda. Partiya rahbari o‘rinbosarlaridan biri Motin Ali ushbu qaror Isroil rejimining G‘azodagi ommaviy qirg‘inlari, xalqaro huquqni mensimasdan davom ettirayotgan tajovuzlari va tinch aholi qurbonlarining keskin ortishi fonida qabul qilinganini qayd etdi. Partiya vakillari Isroil rejimining noqonuniy bosqinchiligi, aparteid va etnik tozalash siyosatiga qarshi kurashni davom ettirishlarini va Tel-Aviv tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh qilishda qat’iy qolishlarini bildirdilar.

Source: www.aljazeera.com