Braziliyada prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida ovoz berish jarayoni yakunlandi. Mamlakatning amaldagi so‘l qanot rahbari, 80 yoshli Luis Inasiu Lula da Silva o‘zining ketma-ket bo‘lmagan to‘rtinchi prezidentlik muddatiga da’vogarlik qilmoqda. Uning asosiy raqibi esa sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li, o‘ng qanot konservativ harakatini davom ettirishga intilayotgan 45 yoshli senator Flavio Bolsonarudir.
Lotin Amerikasining eng yirik davlatida saylovlar to‘liq elektron tizim orqali o‘tkazilgani sababli, dastlabki natijalar ovoz berish punktlari yopilgandan so‘ng bir necha soat ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. Ekspertlar va jamoatchilik so‘rovlari nomzodlarning hech biri birinchi turda g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan 50 foizlik dovonni yengib o‘ta olmasligini ko‘rsatmoqda. Bu esa kurash 25-oktabrga belgilangan ikkinchi bosqichda davom etishini anglatadi.
Lula o‘z saylovoldi kampaniyasini ijtimoiy dasturlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan taraqqiyot hamda daromadlarni qayta taqsimlash g‘oyalari ustiga qurdi. U o‘ng qanot kuchlarni «varvarlik va qoloqlik» timsoli sifatida qoralab, xalqni demokratik jarayonlarni mustahkamlashga chaqirdi. O‘z navbatida, Flavio Bolsonaro Lulani «layoqatsizlikda», soliqlarni haddan tashqari oshirganlikda va jinoyatchilikka qarshi samarasiz kurashda aybladi hamda qat’iy xavfsizlik choralari va soliqlarni kamaytirishni va’da qildi.
Siyosiy kurash xalqaro maydondagi taranglik bilan ham qizg‘in tus olgan. Lula jamoasi Bolsonarolar oilasining AQSh rejimi bilan yaqin aloqalarini tanqid ostiga olib, buni milliy suverenitetga tahdid deb baholamoqda. Ta’kidlash joizki, o‘tgan yili AQSh rejimi sobiq prezident Jair Bolsonaruning davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha sudlanishiga norozilik sifatida Braziliya tovarlariga 50 foizlik bojlar kiritgan edi. Ayni paytda 27 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan otasini afv etishga va’da bergan Flavio Bolsonaro ham korrupsiya va noqonuniy mablag‘larni legallashtirish bo‘yicha tergov ostida qolmoqda.
Source: www.dw.com