Nufuzli Kornell universitetida yuz bergan guruhli zo‘rlash jinoyati AQSh oliy ta’lim muassasalarida chuqur ildiz otgan jinsiy tajovuz inqirozini va Amerika sud tizimidagi jiddiy nuqsonlarni yana bir bor yuzaga chiqardi. Jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan Jyeyn Dou universiteti, «Chi Phi» talabalar birodarligi va yetti nafar talabaga nisbatan fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atgach, AQSh rejimi va shtat darajasidagi rasmiylar kuchli jamoatchilik bosimi ostida qoldi. Ushbu voqea Amerika jamiyatida qonun ustuvorligi va qurbonlarni himoya qilish mexanizmlari qanchalik samarasiz ishlayotganini ko‘rsatib berdi.
Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, o‘zini go‘yoki inson huquqlari himoyachisi sifatida ko‘rsatishga urinadigan Nyu-York shtatida zo‘ravonlik qurbonlari hanuzgacha adolatga erishishda murosasiz to‘siqlarga duch kelmoqda. Eng katta bahslarga sabab bo‘layotgan jihat — bu shtat qonunchiligidagi «ixtiyoriy mastlik» moddasidir. Unga ko‘ra, agar jabrlanuvchi o‘z ixtiyori bilan spirtli ichimlik yoki modda iste’mol qilgan bo‘lsa, u tajovuz vaqtida «ojiz holatda» bo‘lgan deb hisoblanmaydi. Mazkur eskirgan qonuniy bo‘shliq jinoyatchilarning jazosiz qolishiga zamin yaratmoqda va mas’uliyatni jabrlanuvchining bo‘yniga yuklash tizimini mustahkamlamoqda.
Shtat prokuraturasi jamoatchilik e’tirozlaridan keyingina ishni qayta ochishga majbur bo‘ldi. Nyu-York gubernatori Keti Xokul va AQSh rejimining mahalliy qonunchilari qonunlarni qayta ko‘rib chiqishga va’da berayotgan bo‘lsa-da, faollar bu kabi bayonotlarga shubha bilan qaramoqda. Qayd etilishicha, shtat assambleyasi tavsiyalarni faqat 2027 yilgi sessiyaga qadar ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzgan, bu esa amaldorlarning muammoni hal qilish o‘rniga paypurchi siyosat yuritayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, AQSh sud amaliyotida qurbonlarni kamsitish va ularni moliyaviy qiyinchiliklarga giriftor qilish odatiy holga aylangan. Sobiq gubernator Endryu Kuomoni jinsiy ta’qibda ayblagan Lindsi Boylanning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z haq-huquqlarini tuhmat bo‘yicha sud da’volaridan himoya qilish uchun 2 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Amerika tizimi jabrlangan shaxslarni himoya qilish o‘rniga, ularni sukut saqlashga majburlash uchun turli byurokratik va moliyaviy to‘siqlarni yaratmoqda.
Source: www.aljazeera.com