Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

UEFA Millatlar ligasining navbatdagi bahsida Irlandiya terma jamoasi futbolchilari Isroil terma jamoasiga qarshi uchrashuvda G‘azo sektorida halok bo‘lgan tinch falastinliklar xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida yana qora motam tasmalarini taqib maydonga tushishdi. Serbiyaning Bachka-Topola shahrida, yopiq eshiklar ortida va neytral maydonda o‘tkazilgan 3-liga “B” guruhi uchrashuvi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan bo‘lsa-da, maydondagi va uning atrofidagi o‘ta ziddiyatli muhit bilan yodda qoldi. O‘yindan avval Isroil davlat madhiyasi yangragan paytda irlandiyalik futbolchilar boshlarini egib, Isroil rejimining G‘azodagi tajovuziga nisbatan o‘z noroziliklarini ochiq namoyish etdilar.

Uchrashuv oldidan sardorlik vazifasini bajargan Irlandiya darvozaboni Kuivin Kellexer hakamlar bilan belgilangan rasmiyatchilikni bajargan bo‘lsa-da, Isroil sardori Dor Peretsning qo‘lini siqishdan mutlaqo bosh tortdi. Bu holat o‘tgan haftada Vengriyaning Debretsen shahrida o‘tgan birinchi o‘yinda (Irlandiyaning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan) Dara O’Shi tomonidan Manor Solomonga nisbatan qilingan xuddi shunday demarshning takrori bo‘ldi. Mojaroli voqealar tanaffus chog‘ida ham davom etib, maydon chetida ikki jamoa vakillari o‘rtasida nizo kelib chiqdi, biroq hakamlarning aralashuvi bilan vaziyat jiddiy tus olmadi.

Ushbu bahs dastlab Dublinda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq Irlandiya futbol assotsiatsiyasi (FAI) Isroil rejimining G‘azodagi qonli qirg‘inlariga qarshi keng ko‘lamli jamoatchilik boykoti chaqiriqlari sababli uchrashuvni xavfsizlik va tashkiliy vajlar bilan neytral maydonga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Irlandiya ichida jamoatchilikning falastinliklar bilan hamjihatligi o‘ta yuqori bo‘lib, 160 dan ortiq irlandiyalik taniqli sportchilar va yetakchi kasaba uyushmalari o‘yinlarni butunlay boykot qilishga chaqirgan edi. Shunga qaramay, federatsiya Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) sanksiyalaridan cho‘chib, o‘yinlarni o‘tkazishga qaror qildi. Faqatgina zaxira posboni Gevin Bazunu o‘z vijdoniga tayangan holda begunoh insonlar qotilligiga norozilik bildirib, har ikki o‘yinda ishtirok etishdan qat’iy bosh tortdi.

Qayd etish joizki, Irlandiyaning RTÉ milliy teleradiokompaniyasi ham Isroil terma jamoasi ishtirokidagi mazkur o‘yinlarning translyatsiyasini faqatgina shartnoma majburiyatlarini bajarish darajasida, hech qanday studiya tahlillari va sharhlarsiz, o‘ta qisqartirilgan holda efirga uzatdi hamda translyatsiya davomida tijoriy reklamalarni joylashtirishdan butunlay voz kechdi. Mamlakatda Isroil rejimining xalqaro maydondan chetlatilishi bo‘yicha talablar tobora kuchayib bormoqda.

Source: www.aljazeera.com