Malayziyadan chiqarib yuborilgan 1479 nafar myanmalik qochqin va muhojirlar harbiy mojarolar changalida qolgan o‘z vataniga yetib bordi. Ushbu noaniq va shubhali repatriatsiya dasturi inson huquqlari tashkilotlari hamda BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi tomonidan jiddiy xavotir va tanqidlar bilan kutib olindi.
Qochqinlar Malayziyadan ikki harbiy kema va bitta gospital-kema orqali olib kelingan bo‘lib, ular yakshanba tongida Yangon janubiy portiga yetib kelgan. Myanma mintaqaviy hukumati vakili Ney Lin Tun ma’lumotlariga ko‘ra, bu shaxslar bosqichma-bosqich vataniga qaytarilishi rejalashtirilgan 5 ming nafar fuqaroning dastlabki guruhi hisoblanadi. Malayziya Ichki ishlar vazirligi hozirda o‘z mamlakatidagi immigratsion hibsxonalarda yana 10 300 dan ortiq myanmalik ushlab turilganini bildirgan.
Malayziya tomoni barcha shaxslar ixtiyoriy ravishda qaytishga rozi bo‘lganini ta’kidlamoqda. Biroq huquq himoyachilarining aytishicha, hibsxonalarda uzoq vaqt ushlangan muhojirlarda boshqa tanlov qoldirilmagan va Myanmadagi og‘ir xavfsizlik holati sharoitida ularning hayoti jiddiy xavf ostida qolmoqda. BMT Qochqinlar bo‘yicha agentligi o‘z xodimlariga muhojirlar bilan ko‘rishish va ularning qarori qay darajada mustaqil hamda ixtiyoriy ekanligini tasdiqlash imkoni berilmaganidan chuqur tashvish bildirdi.
Malayziyada BMT ro‘yxatidan o‘tgan 215 mingdan ziyod qochqin va boshpana izlovchi istiqomat qiladi, ularning 126 mingdan ortig‘ini asosan musulmon rohinjalar tashkil etadi. Malayziya hukumati moliyaviy, ijtimoiy va xavfsizlik bosimlarini ro‘kach qilib, yana 3500 dan ziyod qochqinni chiqarib yuborishni rejalashtirgan. Ekspertlar va xalqaro tashkilotlar Myanmada davom etayotgan qonli fuqarolar urushi hamda rohinjalarga nisbatan genotsid ayblovlari fonida qaytarilgan fuqarolar majburiy harbiy xizmat va repressiyalarga duchor bo‘lishidan ogohlantirmoqda.
Source: www.aljazeera.com