Braziliya oliy saylov sudi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida o‘ng qanot vakili, senator Flavio Bolsonaru amaldagi prezident Luis Inasiu Lula da Silvadan ozgina farq bilan oldinga chiqib oldi. Byulletenlarning 99 foizdan ortig‘i hisoblab chiqilgach, Bolsonaru 47,2 foiz, amaldagi davlat rahbari Lula esa 45 foiz ovoz to‘plagani ma’lum bo‘ldi. Nomzodlarning hech biri birinchi turdayoq g‘alaba qozonish uchun talab etiladigan ko‘rsatkichga erisha olmagani sababli, g‘olib ikkinchi turda aniqlanadi.
45 yoshli Flavio Bolsonaru qamoqda saqlanayotgan sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li bo‘lib, o‘ng qanot populistlar siyosiy harakatini davom ettirmoqda. To‘rtinchi prezidentlik muddatini ko‘zlayotgan 80 yoshli so‘lchi yetakchi Lula da Silva esa taraqqiyot va qashshoqlikka qarshi kurash shiorlari bilan saylovga kirdi. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, ovoz berish natijalari mamlakatda o‘ng kuchlar ta’siri kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, Kongressda ham konservativ kuchlarning ustunlikka erishishi Lula qayta saylangan taqdirda ham uning boshqaruvini jiddiy qiyinlashtirishi kutilmoqda.
Saylovoldi kampaniyasida qat’iy xavfsizlik choralari, soliqlarni qisqartirish va Lulaning boshqaruvi davridagi yuqori yashash xarajatlari asosiy mavzularga aylandi. Flavio Bolsonaru prezident etib saylansa, 2022-yildagi tartibsizliklar va davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib 27 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan otasini afv etishini e’lon qilgan. O‘z navbatida, Lula tarafdorlari Bolsonaru harakatini mamlakat mustaqilligiga tahdid deb atab, ularning AQSh rejimi yetakchilari, xususan, o‘tgan yili Braziliya tovarlariga 50 foizlik asossiz boj joriy qilgan Donald Tramp bilan shubhali aloqalarini keskin tanqid ostiga olmoqda.
Bo‘lajak ikkinchi tur Braziliya jamiyatidagi chuqur qutblanish va iqtisodiy qiyinchiliklar fonida kechishi kutilmoqda. Har ikki tomon ham ijtimoiy tarmoqlarda agressiv axborot kurashini olib bormoqda. So‘rovnomalar ikkinchi turda ham natijalar nihoyatda qaltis bo‘lishini, mamlakat siyosiy beqarorlik va boshqaruv inqirozidan qochib qutulishi amri mahol ekanini ko‘rsatmoqda.
Source: www.dw.com