Janubiy Koreyada aqliy zaif insonlar saqlanadigan davlat internatida yillar davomida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik fosh etildi. Inchxon shahridagi «Sekdongvon» ixtisoslashtirilgan muassasasi direktori o‘z qaramog‘idagi himoyasiz ayollarga nisbatan shafqatsiz jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Seul sudi tomonidan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ushbu holat Janubiy Koreya rejimining ijtimoiy himoya tizimidagi jiddiy kamchiliklar va nazoratsizlikni yuzaga chiqarib, jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi.
Jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan va 2016-yildan buyon mazkur maskanda yashab kelgan Seo Mi-hyon ismli ayolning guvohlik berishicha, muassasa direktori — familiyasi Kim deb ko‘rsatilgan shaxs uni muntazam ravishda, asosan tunda yoki erta tongda zo‘rlab kelgan. Ruhiy rivojlanishida nuqsoni borligi sababli o‘z fikrini erkin ifoda etolmaydigan ayol qariyb o‘n yil davomida qo‘rquv va tahdid ostida yashashga majbur bo‘lgan. Jinoyat 2025-yilning fevralida, direktorning navbatdagi tajovuziga qarshilik ko‘rsatgan ayolga shisha idish otilib, uning boshi yorilganidan so‘ng oshkor bo‘ldi. Shifoxonaga yotqizilgan Seoning onasi kuzatuv kameralari yozuvlarini talab qilganida, ma’muriyat buni rad etgan, shundan so‘ng qizini uydan olib ketgan onasiga barcha haqiqat so‘zlab berilgan.
Janubiy Koreya rejimi politsiyasi tomonidan olib borilgan tergov yana ikki nafar jabrlanuvchini aniqladi. Vusuk universiteti mutaxassislari tayyorlagan maxsus hisobotda internatda kamida 10 nafar shaxs jinsiy tajovuzga uchragani ehtimoli ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, sud jarayonida bu xulosalar to‘liq hisobga olinmadi. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, tergov organlari faqatgina to‘liq gaplar bilan shikoyat qila oladigan shaxslarning ko‘rsatmalarini qabul qilgan, og‘irroq nogironligi bo‘lgan boshqa jabrlanuvchilar esa e’tibordan chetda qoldirilgan. Bundan tashqari, hukm chiqarilishidan avval 13 ta tashkilot direktorning «sohadagi xizmatlarini» inobatga olib, jazoni yengillatishni so‘rab murojaat qilgani jamoatchilikning g‘azabini keltirdi.
Janubiy Koreya rejimining mas’ul idoralari har yili muassasada tekshiruvlar o‘tkazib kelgan bo‘lsa-da, bu tekshiruvlar faqat qog‘ozbozlikdan iborat bo‘lgani va amalda bemorlar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilmagani ma’lum bo‘ldi. Janubiy Koreya rejimining bosh vaziri yuz bergan fojiani «davlat mavjudligining asl mohiyatini shubha ostiga qo‘yuvchi jiddiy masala» deb atashga majbur bo‘ldi. Mamlakat bo‘ylab 1 500 dan ortiq internat tekshirilganda, yana o‘nlab shubhali zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Hozirda mazkur internat litsenziyasi bekor qilingan bo‘lsa-da, qaramog‘idagilarni boshqa joyga ko‘chirish muammolari sababli muassasa to‘liq yopilmagan.
Source: www.bbc.co.uk