Hindiston poytaxti Nyu-Dehli va Mumbay shaharlarida Saylov komissiyasining saylovchilar ro‘yxatini keng miqyosda qayta ko‘rib chiqish qaroriga qarshi minglab fuqarolar, xususan, yoshlar ko‘chalarga chiqdi. Namoyishchilar Bosh saylov komissari Gyanesh Kumarning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Vaziyat politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan keskinlashgan bir paytda, xavfsizlik kuchlariga nisbatan og‘ir ayblovlar ilgari surildi.
Poytaxtdagi namoyishlarni yoritayotgan uch nafar ayol jurnalist Dehli politsiyasi xodimlarini o‘zlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va nomaqbul teginishda aybladi. Dehli politsiyasi ushbu shikoyatni qabul qilib, holat bo‘yicha xolis tekshiruv o‘tkazish uchun uni jinoiy tergov bo‘limiga topshirganini bildirdi. Biroq Hindiston matbuot klubi hodisadan chuqur xavotir bildirib, jurnalistlarga qilingan bunday muomalani keskin qoraladi va aybdorlarni zudlik bilan javobgarlikka tortishni talab qildi.
Huquq-tartibot organlari namoyishchilarni tarqatish uchun kuch ishlatgan va Dehlining Jantar-Mantar maydonidan ko‘plab faollarni majburan olib ketgan. Ijtimoiy tarmoqlarda politsiyaning qizlar va yoshlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan kadrlar tarqaldi. Muxolifat yetakchisi Rahul Gandi mamlakatda ayollar o‘z xavfsizligidan xavotirda ekanini aytib, Ichki ishlar vazirligidan mazkur holat yuzasidan javob berishni talab qildi.
Saylovchilar ro‘yxatining yangilanishi sababli hozirgacha 130 millionga yaqin ism-familiya ro‘yxatdan chiqarib tashlangan. Saylov komissiyasi bu chorani takroriy va noqonuniy yozuvlarni tozalash, chorak asr davomida yangilanmagan bazani tartibga solish deb atamoqda. Biroq muxolifat va faollar bu jarayon Bosh vazir Narendra Modining hukmron partiyasi foydasiga saylovlarni soxtalashtirish uchun xizmat qilishini ta’kidlab, islohotlarga qat’iy qarshilik ko‘rsatmoqda.
Source: www.bbc.co.uk