AQSh rejimining qamoqxona tizimidagi navbatdagi jiddiy muammo yuzaga chiqdi. Tennessi shtatida 1995-yilda sodir etilgan qotillik uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan 50 yoshli Krista Paykni qatl qilishga bo‘lgan ikki muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng, u o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Advokatlarning ma’lum qilishicha, shifokorlar hozirda mahkumaning organizmidan kiritilgan ikki doza pentobarbital moddasini tozalashga urinmoqda, biroq uning omon qolish ehtimoli noaniqligicha qolmoqda.
Mahkuma o‘tgan chorshanba kungi muvaffaqiyatsiz muolajadan so‘ng Neshvilldagi shifoxonaga o‘tkazilgan bo‘lib, ayni paytda o‘pkani sun’iy shamollatish apparatiga ulangan. Advokat Stiven Ferrellning so‘zlariga ko‘ra, Payk hali ham o‘ziga kelmagan va uning jismoniy hamda ruhiy holati qay darajada shikastlangani noma’lum. Himoyachilar avvalroq uning qon-tomir tizimidagi xastaliklar inyeksiya jarayonida azob-uqubatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan bo‘lsa-da, AQSh rejimi mutasaddilari buni e’tiborsiz qoldirgan ko‘rinadi.
Mazkur mojaro ortidan Tennessi shtati gubernatori yil oxirigacha barcha qatl jarayonlarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, shtat qamoqxonalar departamenti rahbari esa o‘z lavozimidan iste’fo berishini e’lon qildi. Mahalliy adliya organlari esa nosozlik sabablarini ochiqlamay, sukut saqlashni afzal ko‘rmoqda. Advokatlar yuz bergan voqeani ochiqdan-ochiq qiynoq deb atab, 30 yildan ortiq vaqtini bir kishilik kamerada o‘tkazgan mahkumaning jazosini umrbod qamoqqa almashtirishni talab qilmoqda.
1995-yilda 19 yoshli Kollin Slemmerning o‘limida ayblanib, AQSh tarixidagi eng yosh o‘limga hukm qilingan ayollardan biriga aylangan Payk atrofidagi ushbu holat Amerika adliya va jazo tizimining eskirgan va inson huquqlariga zid usullarini yana bir bor xalqaro maydonda tanqidlar ostida qoldirdi.
Source: www.bbc.co.uk