Taiz viloyatining Jabal Habashi tumanidagi qochqinlar lagerida yashovchi 12 yashar Ahmadning har kuni tongi chodir ostida boshlanadi. U o‘tgan ikki hafta davomida o‘z qishlog‘ini tark etishga majbur bo‘lib, vaqtini tengqurlari bilan o‘tkazmoqda yoki chodir ichida zerikib yotibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, lagerdagi hayot juda zerikarli bo‘lib, u o‘z uyini, qishlog‘ini va ayniqsa maktab sumkasini hamda har tong maktabga qatnov yo‘llarini sog‘ingan.
Ahmad mojaro sababli uyni tark etish chog‘ida maktab sumkasini tashlab ketishga majbur bo‘lganini va qachon yana sinfxonasiga qaytib, o‘qituvchilari hamda sinfdoshlari bilan uchrashishini bilmasligini ta'kidlaydi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab yuzlab maktablar o‘z faoliyatini to‘xtatgan bo‘lib, bu 137 mingdan ortiq o‘quvchining ta'lim olish huquqiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
UNICEF tashkilotining bildirishicha, sentyabr oyining dastlabki ikki haftasining o‘zida qurolli to‘qnashuvlar tufayli 57 mingdan ziyod bola o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. To‘rt yillik nisbiy tinchlikdan so‘ng avgust va sentyabr oylarida hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning keskinlashuvi Yamandagi ta'lim inqirozini yanada chuqurlashtirgan.
Qochqinlar lageriga kelib tushgan oilalar uchun asosiy muammo boshpana topish va kundalik ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan. Mahalliylarning aytishicha, lagerda hech kim bolalarning o‘qishi bilan qiziqmayapti, chunki barcha e'tibor chiriq chodirlar, oziq-ovqat va suv ta'minotiga qaratilgan. Gumanitar tashkilotlar esa bu ehtiyojlarni qondirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, maktablarning yopilishi va bolalarning ta'limdan uzilib qolishi ularni zo‘ravonlik, bolalar mehnati va majburiy yollash kabi xavflarga duchor qilmoqda. Ta'lim tizimini tiklash va bolalarga psixologik yordam ko‘rsatish esa hozirgi sharoitda eng murakkab vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Source: www.aljazeera.com