Tailand Moliya vazirligi mamlakat hududidan havo transportida chiqib ketayotgan barcha fuqarolar, jumladan xorijiy sayyohlar uchun ham qoʻshimcha soliq joriy etish tashabbusini muhokama qilmoqda. Rasmiy idoralarning taʼkidlashicha, ushbu chora mamlakat byudjetini toʻldirish va turistik infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan boʻlishi mumkin, biroq bu sayohatchilar uchun qoʻshimcha moliyaviy yuk va yoʻqotishlarga olib kelishi aniq.
Mahalliy The Nation nashrining xabar berishicha, dastlabki bosqichda soliq miqdori 1000 bat (taxminan 30 AQSH dollari) etib belgilanishi koʻzda tutilgan. Biroq kelgusida ushbu toʻlov miqdori besh baravargacha oshirilib, 5000 batga yetishi ehtimoli ham istisno qilinmayapti. Bunday keskin narx siyosati Tailandning turistik jozibadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi va kelgusida oqimning qisqarishiga sabab boʻlishi kutilmoqda.
Hozircha yangi majburiyat faqat samolyotda uchib ketuvchilarga taalluqli boʻlib, quruqlik yoki dengiz orqali chiqib ketuvchilar dastlabki bosqichda soliqdan ozod qilinadi. Toʻlovni yigʻish jarayoni aviachipta xarid qilinayotgan paytda aviakompaniyalar yoki chipta agentlari zimmasiga yuklatilishi rejalashtirilgan. Qonun talablarini bajarmagan va soliqni toʻlamagan shaxslarga nisbatan toʻlov miqdoridan ikki baravar koʻp jarima qoʻllanishi koʻzda tutilgan.
Source: kun.uz