Paramount Skydance media giganti Warner Bros Discovery kompaniyasini qariyb 110 milliard dollarga, shu jumladan qarzlar bilan birga sotib olish jarayonini yakunladi. Ushbu yirik bitim Gollivudning eng yirik ikkita studiyasini birlashtirib, CNN va CBS News axborot agentliklarini yagona korporativ boshqaruv ostiga o'tkazdi. Shu bilan birga, jarayon davomida turli shtatlar bosh prokurorlari va kasaba uyushmalari tomonidan qator huquqiy e'tirozlar bildirildi.
Yangi tuzilgan Skydance Corporation tarkibiga endi HBO, CBS, Nickelodeon, Showtime, Comedy Central, DC Studios va Food Network kabi taniqli brendlar, shuningdek, Paramount plus hamda HBO Max striming xizmatlari kirdi. Biroq, amerikalik tanqidchilar va jamoatchilik vakillari ikkita yirik yangiliklar tashkilotining bitta qo'l ostiga o'tishidan jiddiy xavotir bildirmoqda. Bitimning asosiy moliyaviy homiysi bo'lgan Larri Ellison avvalroq AQSh rahbariyati va Isroilga yirik miqdorda xayriya qilgani ma'lum qilingan.
Amerikaning amaldagi rejimi rahbari Donald Tramp ushbu xaridni qo'llab-quvvatlab, yangi kompaniya buyuk bo'lishini ta'kidladi. Biroq, bitimga qarshi chiqqan 12 ta shtat bosh prokurorlari koalitsiyasi raqobatni kamaytirishi va narxlarni oshirishi haqida sudga murojaat qilgandi. Garchi sentyabr oyida tomonlar kelishuvga erishgan bo'lsa-da, aktyor Mark Ruffalo va senator Elizabet Uorren kabi siyosatchilar bu birlashuv so'z erkinligini cheklashi hamda ijodiy muhitni bo'g'ib qo'yishini qattiq tanqid qilishdi.
Kelishuv shartlariga ko'ra, Skydance 180 kun ichida "Axborot tahririyati mustaqilligi kengashi"ni tuzishi kerak. Biroq, ushbu kengash a'zolari korporativ direktorlar kengashi tomonidan tayinlanishi va uning hisobotlari ommaga e'lon qilinmasligi tanqidchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda. Matbuot erkinligi himoyachilari mazkur tuzilmani korrupsiyalashgan oligarxlar qo'lidagi qo'g'irchoq deb atab, mustaqillikka shubha bilan qaramoqda.
Source: www.aljazeera.com