Janubiy Sudanda 22-dekabr sanasiga belgilangan ilk umumiy saylov oldidan jiddiy xavotirlar va siyosiy tanglik saqlanib qolmoqda. 2011-yilda mustaqillikka erishgandan beri ilk bor o'tkzilishi rejalashtirilgan ushbu ovoz berish jarayoni tashkiliy muammolar, xavfsizlikka tahdidlar va saylovchilar ro'yxatga olinmagani sababli shubha ostida qolmoqda.
Siyosiy tarangliklar Prezident Salva Kiir sentyabr oyida o'tish davri birlik hukumatini tarqatib yuborib, vaqtinchalik ma'muriyat tuzganidan keyin yanada kuchaydi. Juba shahridan bo'lgan jurnalist Denis Logoniyning so'zlariga ko'ra, aholi orasida saylovga nisbatan turlicha qarashlar mavjud bo'lib, oddiy fuqarolar bu jarayonga unchalik e'tibor qaratmayapti, chunki fuqarolik ta'limi va ro'yxatga olish ishlari hali ham boshlanmagan.
Shuningdek, mamlakatda oziq-ovqat narxlari keskin ko'tarilib, davlat xizmatchilariga oylik maoshlar berilmayotgani, ko'chirilgan fuqarolar esa og'ir sharoitlarda yashayotgani aytilmoqda. Siyosiy partiyalar oktyabr oyigacha o'z dasturlarini taqdim etishi lozim bo'lsa-da, mutaxassislar xavfsizlikni ta'minlash, yagona xavfsizlik kuchlarini to'liq joylashtirish va qonunchilik bazasidagi bo'shliqlarni bartaraf etish borasida jiddiy muammolar saqlanib qolayotganini ta'kidlashmoqda.
Mamlakatda o'n yilliklar davomida davom etib kelgan qurolli nizolar va asosiy muxolifat yetakchisi Riek Macharning uy qamog'iga olingani saylovlarning adolatliligiga va shaffofligiga jiddiy putur yetkazishi kutilmoqda. Ekspertlar og'ir iqlim sharoitlari va iqtisodiy qiyinchiliklar fonida o'tkaziladigan bu kabi shoshilinch saylovlar yanada katta ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Source: www.dw.com