So‘nggi uch yil davomida Yaqin Sharqdagi beqarorlik yanada chuqurlashib, Isroil rejimining agressiv harbiy amaliyotlari mintaqani jiddiy xavf-xatarlar girdobiga tortdi. Isroil rejimi G‘azo sektorida HAMAS harakatiga, Livanda esa “Hizbulloh” tuzilmasiga qarshi keng ko‘lamli zarbalar berib, ularning harbiy imkoniyatlarini pasaytirganini da’vo qilmoqda. Shuningdek, Eron hukumati va uning ittifoqchilariga berilgan zarbalar, Suriya hududidagi nazoratsiz operatsiyalar mintaqadagi taranglikni yumshatish o‘rniga, yangi va uzoq muddatli mojarolar o‘chog‘ini shakllantirmoqda. Ushbu masalalar “Geosiyosat” tahliliy dasturida atroflicha muhokama qilindi.
Siyosatshunos Shavkat Ikromovning ta’kidlashicha, umumiy mintaqaviy nuqtayi nazardan qaralganda, Yaqin Sharq aslo xavfsizroq hududga aylangani yo‘q. Aksincha, Isroil rejimi o‘z taktikasini qisqa muddatli xavfsizlik manfaatlari ustiga qurib, qo‘shni davlatlar suverenitetini ochiqdan-ochiq buzishda davom etmoqda. Masalan, Livan bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning keskin e’tirozlari va xalqaro huquq normalariga qaramay, Tel-Aviv o‘zboshimchalik bilan bu mamlakat hududida harbiy harakatlarini davom ettirmoqda. Suriyadagi beqaror vaziyatdan foydalanib, Jo‘lon tepaliklari atrofida o‘z ta’sirini noqonuniy kengaytirishga urinayotgani ham jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Tarixiy jarayonga nazar tashlansa, mintaqadagi ziddiyatlar xarakteri bir necha bor o‘zgargan. O‘tmishda Misr yoki Iroq asosiy raqib sanalgan bo‘lsa, bugungi kunda Isroil rejimi uchun Eron hukumati va Turkiya bilan qarama-qarshilik eng dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Rejim o‘z atrofida Yamangacha cho‘zilgan sun’iy “xavfsizlik halqasi”ni yaratganini go‘yoki katta yutuq sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Biroq tahlilchilarning fikricha, bosim va tajovuz vositasida qurilgan bu mo‘rt to‘siq qancha vaqt dosh bera olishi katta so‘roq ostida turibdi, chunki chuqur ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar bartaraf etilmagan.
Shu bilan birga, Isroil rejimining agressiv harakatlari diplomatik rejalarni, jumladan, Vashington homiyligidagi “Ibrohim kelishuvlari”ni ham boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi. Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirish orqali butun arab olamida o‘z mavqeini mustahkamlash niyatida bo‘lgan Tel-Aviv o‘z harakatlari bilan bu jarayonni muzlatdi. Ar-Riyod Falastin mustaqil davlatchiligi barpo etilmasdan turib hech qanday aloqalar o‘rnatilmasligini qat’iy ma’lum qildi, bu esa zo‘ravonlikka tayangan Isroil rejimining xalqaro maydondagi yakkalanib qolish xavfini yanada oshirmoqda.
Source: kun.uz