Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro oziq-ovqat inqirozini monitoring qiluvchi tashkilotlarning ma'lumotlariga ko'ra, davom etayotgan qurolli mojarolar va qurg'oqchilik Sudanning Darfur va Kordofan mintaqalarida ocharchilik xavfini yanada kuchaytirmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlarni o'z ichiga olgan Integratsiyalashgan Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlari tasnifi (IPC) e'lon qilgan bayonotda ta'kidlanishicha, mamlakatning deyarli yarmiga ta'sir ko'rsatgan El-Nino iqlim hodisasi vaqtida yuzaga kelgan qurg'oqchilik mavjud mojaro va ko'chish oqibatlarini yanada og'irlashtirmoqda. Oziq-ovqat yetishmovchiligi narxlarning keskin oshishiga va aholi turmush tarzining yomonlashuviga sabab bo'lmoqda.

Shuningdek, hududlarda tibbiy xizmatlar deyarli mavjud emasligi, toza ichimlik suvi taqchilligi kuchayib borayotgani oziq-ovqat yetishmayotgan aholini turli xil kasalliklar va o'lim xavfi qarshisida qoldirayotgani qayd etildi. Dehqonchilik bilan shug'ullanuvchilarning ahvoli yomonlashgani bois gumanitar yordamga qaramlik misli ko'rilmagan darajada o'sgan.

Hisobotda keltirilishicha, Shimoliy Darfur ekin maydonlarining uchdan ikki qismiga yaqini, shuningdek, boshqa qishloq xo'jaligi hududlari qurg'oqchilikdan jiddiy jabr ko'rgan. 2023 yilning aprel oyida boshlangan shafqatsiz urush oqibatida kamida 150 ming kishi halok bo'lgani va millionlab odamlar o'z uyini tashlab ketishga majbur bo'lgani vaziyatni yanada fojiali tusga keltirmoqda.

Source: www.aljazeera.com