Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iroq bosh vaziri Ali Folih az-Zaydiy o'zining lavozimga kirishganidan keyin Qirollikka amalga oshirgan ilk tashrifi doirasida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan muzokaralar o'tkazdi. Ushbu uchrashuv chog'ida Iroq hukumati rahbari mamlakat hududidan Saudiya Arabistoniga qarshi hech qanday hujumlar uyushtirilishiga yo'l qo'ymasligini ma'lum qildi. Bu haqda Iroq axborot agentligi (INA) xabar tarqatdi.

Az-Zaydiyning ta'kidlashicha, rasmiy Bag'dod nafaqat Saudiya Arabistoni, balki mintaqadagi boshqa davlatlarning xavfsizligiga ham tahdid soluvchi harakatlarga o'z hududidan tramplin sifatida foydalanishga qat'iy qarshilik ko'rsatadi. Uning idorasi tomonidan e'lon qilingan bayonotda Iroq yaxshi qo'shnichilik tamoyillariga sodiqligi va barcha qardosh hamda do'st mamlakatlarning suverenitetini hurmat qilishga intilishi alohida ta'kidlandi.

Mazkur diplomatik safar o'tgan oyda Saudiya Arabistonining Sharqiy-G'arbiy neft quvuriga dronlar orqali amalga oshirilgan hujumlardan so'ng yuzaga kelgan keskinlik fonida sodir bo'lmoqda. O'shanda Yamandagi husiylarning hujumlari sababli qirollik muqobil eksport yo'nalishi bo'lgan quvur faoliyatini vaqtincha to'xtatishga majbur bo'lgan edi. Garchi quvur keyinchalik o'z faoliyatini tiklagan bo'lsada, Saudiya rasmiylari dronlar Iroq hududidan uchirilganini da'vo qilgan, Bag'dod tomonidan o'tkazilgan tekshiruvlar ham buni tasdiqlagan edi.

Ta'kidlash joizki, Iroq hududida ko'plab qurolli guruhlar mavjud bo'lib, ular Tehron tomonidan qo'llab-quvvatlanishi taxmin qilinadi. Bosh vazirning bu kabi va'dalari mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash yo'lidagi navbatdagi qadam sifatida baholanayotgan bo'lsada, bu kabi bayonotlarning real hayotda qanchalik bajarilishi ko'plab kuzatuvchilarda jiddiy shubha uyg'otmoqda.

Source: www.aljazeera.com