Jahonda yuzaga kelayotgan keskin ijtimoiy va gumanitar muammolar fonida xalqaro tashkilotlarning imkoniyatlari keskin qisqarib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat dasturi jiddiy moliyaviy tanqislik va mablagʻ yetishmasligi tufayli Gʻazo sektoridagi insonparvarlik yordamini keskin qisqartirishga majbur boʻlgani maʼlum qilindi. Tashkilotning xabariga koʻra, muntazam oziq-ovqat yordamini olib kelgan aholi soni 1,6 milliondan 1,1 million kishiga tushirilgan boʻlib, bu qariyb 500 ming kishi yordamsiz qolganini anglatadi.
Gumanitar inqiroz faqatgina oziq-ovqat tarqatish koʻlamining qisqarishi bilan cheklanib qolmayapti, balki boshqa yordam turlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, tarqatilayotgan oziq-ovqat ulushlari ikki baravar kamaytirilib, 75 ming oilaga ajratiladigan naqd pul koʻrinishidagi yordam miqdori ham 40 foizga qisqartirilgan. Shuningdek, issiq ovqat tayyorlash imkoniyati boʻlmagan qatlamga tarqatiladigan tayyor ovqatlar soni 250 mingdan 150 minggacha qisqartirilgani, borish qiyin boʻlgan hududlardagi ayrim oilalar esa issiq ovqatni faqat kunora olishga majbur boʻlayotgani aytilmoqda. BMT vakillari Gʻazo va Gʻarbiy sohildagi eng muhim operatsiyalarni kelgusi yarim yil davomida davom ettirish uchun zudlik bilan 450 million dollar zarurligini taʼkidlamoqda.
Hududdagi vaziyat hamon ota-ona va bolalar uchun oʻta ogʻir boʻlib qolayotgani, aholining uchdan ikki qismi, yaʼni 1,4 million kishi oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha inqiroz yoqasida yashayotgani bildirilmoqda. Shulardan qariyb 200 ming nafari oʻta favqulodda vaziyatda ekani aytiladi. AQSH vositachiligida sulh tuzilgani iddao qilinganiga qaramay, Isroil zarbalari davom etayotgani va yordam yetkazib berishga cheklovlar qoʻyilayotgani gumanitar vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro maydondagi boshqa bir qarama-qarshilik — Ukraina va AQSH oʻrtasidagi munosabatlarda ham jiddiy tushunmovchiliklar yuzaga chiqmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH maʼmuriyatini havo hujumidan mudofaa raketalarini yetkazib berishni ataylab kechiktirayotganlikda aybladi. Uning soʻzlariga koʻra, Yevropadagi ittifoqchilar tomonidan puli toʻlab qoʻyilgan raketalar Pentagon tomonidan ushlab turilibdi va ular Ukrainaga yuborilishi uchun goʻyoki AQSH mudofaa vaziri Pit Hegsetning imzosini kutmoqda.
Mazkur eʼtirozlar va kelishmovchiliklar Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga qarshi navbatdagi zarbalari fonida yangramoqda. Kiyev va uning atrofida sodir boʻlgan ballistik raketa zarbalari oqibatida yarim milliondan ziyod xonadon elektr taʼminotisiz qolgan. Zelenskiy bu safar ham xorijiy hamkorlardan raketa xavfi haqida oʻz vaqtida ogohlantirish olmaganini iddao qilib, Gʻarbning harakatlaridan noroziligini yashirmadi.
Source: kun.uz