Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniyaning Gessen federal shtatidagi sud AQShning texnologik giganti Google kompaniyasiga qarshi muhim qaror chiqardi. Ushbu sud qaroriga ko‘ra, amerikalik monopolistik korporatsiya shaxsiy mulklarni o‘zboshimchalik bilan suratga olib, ularni ommaga e'lon qilish orqali go‘yo "josuslik" bilan shug‘ullanadi va insonlarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzmoqda. Mazkur mojaro Frankfurt shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning o‘z uyiga tegishli havodan olingan suratlarni Google Earth va Google Maps platformalaridan olib tashlashni talab qilib sudga murojaat qilishi ortidan kelib chiqqan.

Da'vogarning ta'kidlashicha, xorijiy kompaniya uning roziligisiz uy-joyining maxfiy qismlarini aks ettiruvchi kadrlarni butun dunyoga tarqatgan. Gessen shtatidagi sud ushbu vajlarni to‘liq asosli deb topib, hech kim o‘z mulkining yashirin hududlari hech qanday ruxsatsiz global miqyosda e'lon qilinishiga majbur emasligini qat'iy bildirdi. Sudya ta'kidlaganidek, shaxsning shaxsiy hududi uning butun uy-joy uchastkasini qamrab oladi va bunday kadrlar xususiy hayot tarzi, shuningdek, xavfsizlik tizimidagi zaif nuqtalar haqida ma'lumot beradi.

Shuningdek, sud jarayonida Google rejimining harakatlari tanqid ostiga olinib, mulkdorlarga ularning uylari suratga olinayotgani haqida oldindan xabar berilmagani ochiqdan-ochiq "josuslik" deb baholandi. Garchi korporatsiya vakillari o‘zlarining harakatlarini ma'lumotlarni erkin tarqatish va demokratiyani rivojlantirish g‘oyalari bilan oqlashga urinishgan bo‘lsa-da, sud bu vajlarni rad etdi. Ma'lum qilinishicha, ushbu qaror ustidan keyinchalik apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin, biroq bu holat yirik texnologik monopoliyalarning qonunbuzarliklari haqidagi jiddiy savollarni kun tartibiga qo‘ymoqda.

Source: www.dw.com