Yamanda o‘n ikki yildan ortiq davom etayotgan qurolli nizo mamlakat hududiy yaxlitligini butunlay parchalab tashladi, xalqni esa misli ko‘rilmagan qashshoqlik va ocharchilik yoqasiga olib keldi. "Ansorulloh" nomi bilan tanilgan husiychilar harakati 2014-yilning 21-sentabrida mamlakat poytaxti Sanoni o‘z nazoratiga olgan edi. Eron hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lgan mazkur guruh yoqilg‘i subsidiyalari qisqartirilishiga qarshi ko‘tarilgan ommaviy noroziliklardan unumli foydalanib, sobiq prezident Ali Abdulloh Solih tarafdorlari bilan harbiy ittifoq tuzdi hamda poytaxtdagi asosiy davlat va harbiy idoralarni egalladi.
O‘sha paytdagi prezident Abd-Rabbu Mansur Hodiy dastlab Adanga, so‘ngra Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga qochishga majbur bo‘ldi. 2015-yilning mart oyida Saudiya yetakchiligidagi koalitsiya xalqaro tan olingan hukumatni qayta tiklash bahonasi bilan Yamanga harbiy aralashuv boshladi. Biroq o‘tgan yillar davomida uzluksiz aviazarbalar berilganiga qaramay, koalitsiya rejalari puchga chiqdi: poytaxt Sano va mamlakat shimoli-g‘arbi husiychilar qo‘lida qolaverdi. Harakatga qarshi kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro nizo va manfaatlar to‘qnashuvi esa vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
Qizil dengiz sohillari va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik ortidan AQSH rejimi, Buyuk Britaniya rejimi hamda Isroil rejimi mintaqaga qator zarbalar berdi. Xalqaro yuk tashish xavfsizligini ta’minlash da’vosi bilan amalga oshirilgan bu hujumlar amalda hech qanday ijobiy natija bermadi, balki hududdagi ziddiyatni yanada kuchaytirib, mahalliy aholi xavfsizligiga jiddiy putur yetkazdi. Sobiq ittifoqchilar o‘rtasidagi parchalanishlar, jumladan BAA tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Janubiy o‘tish kengashining (STC) markaziy hukumatga qarshi isyonlari mojaroni butkul boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.
Xalqaro miqyosda tan olingan hukumat kuchlari e’lon qilgan yangi harbiy operatsiyalar, xususan, "Yaman tongi" amaliyoti ham kutilgan yutuqlarni keltirmadi. Taiz va Marib hududlarida qaytadan alangalangan shiddatli janglar tinch aholi boshiga yangi kulfatlarni yog‘dirdi. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘qnashuvlar natijasida 200 mingdan ortiq kishi, shu jumladan o‘n minglab bolalar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Tomonlarning hech biri ustunlikka erisha olmagan bu qonli urush Yamanni surunkali vayronagarchilikka mahkum etishda davom etmoqda.
Source: www.aljazeera.com