21-oktabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri havosida yana keskin o‘zgarishlar kuzatilishi kutilmoqda, deya ogohlantirmoqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi. Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, 20-oktabr kuni poytaxt havo sifati xalqaro AQI standartlari bo‘yicha “o‘rtacha” va “sezgir guruhlar uchun noqulay” oralig‘ida qayd etilgan edi.
Taqdim etilgan prognozlarga asosan, kechki va tungi vaqtlarda atmosferadagi PM2,5 hamda PM10 mayda zarrachalari miqdori sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Natijada, tunda va tongda havo sifati xalqaro indeks bo‘yicha sezgir guruhlar uchun xavfli darajada saqlanib qolsa, milliy indeks bo‘yicha “sariq” darajani tashkil etishi taxmin qilinmoqda.
Qo‘mita vakillarining tushuntirishicha, bu holatga ob-havo sharoitlari, jumladan, tunda havo haroratining +9 darajagacha pasayishi, kuchsiz shamol esishi va kuchli harorat inversiyasi sabab bo‘ladi. Bunday tabiiy omillar havo almashinuvini keskin cheklab, ifloslantiruvchi moddalarning yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planishiga sharoit yaratadi.
Shunga qaramay, 21-oktabr ertalabdan boshlab inversiya jarayonlarining zaiflashishi kutilmoqda. Bu esa poytaxt havosining asta-sekin tozanalishiga va xalqaro AQI ko‘rsatkichlari bo‘yicha yana “o‘rtacha” darajaga qaytishiga zamin hozirlaydi.
Source: www.gazeta.uz