Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to'lash bo'yicha ixcham hamda zamonaviy xizmat ko'rsatish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish choralari belgilandi. Ushbu o'zgarishlar pensiya ta'minoti sohasidagi byurokratik to'siqlarni qisqartirish va jarayonlarni soddalashtirishga qaratilganligi aytilmoqda.

Qabul qilingan hujjatga ko'ra, 2026-yilning oktabr-dekabr oylarida tajriba-sinov tariqasida Pensiya jamg'armasining ayrim tuman va shahar bo'limlaridagi pensiya hamda boshqa to'lovlarni tayinlash va to'lash vazifalari hududiy boshqarmalarga o'tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, bu tajriba Andijon viloyatining Andijon shahri va Oltinko'l tumanida, Samarqand viloyatining Samarqand shahrida, shuningdek, Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlari hamda Shovot va Yangiariq tumanlarida, Sirdaryo viloyatining esa barcha tuman va shahar bo'limlarida sinovdan o'tkaziladi.

Yangi tartibga asosan, hududiy boshqarmalarda har bir tuman va shahar uchun alohida 3 kishidan iborat maxsus komissiya tuziladi. Shu bilan birga, tuman va shahar bo'limlarida bevosita fuqarolarga xizmat ko'rsatishga mas'ul bo'lgan xodimlar faoliyati yo'lga qo'yilishi belgilangan bo'lib, komissiya arizalar kelib tushgandan keyin o'n kun muddat ichida tegishli qaror qabul qilishi shart.

Shuningdek, davlat pensiyalarini tayinlash va to'lash tartibiga kiritilgan o'zgarishlarga ko'ra, ayrim xizmatlar fuqaroning murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda ko'rsatila boshlaydi. Jumladan, nogironlik guruhi qayta belgilanganda yoki muddati uzaytirilganda pensiya to'lovini davom ettirish, I guruh nogironligi belgilanganda pensiyani qayta hisoblash, oila a'zolari soni o'zgarganda boquvchisini yo'qotganlik pensiyasini uzaytirish, 100 yoshga to'lgan fuqarolarga qo'shimcha to'lov tayinlash hamda ID-karta muddati tugaganda pensiya to'lovlarini avtomatik davom ettirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Pensiya jamg'armasiga bir oy muddat ichida O'zbekistondan tashqarida bo'lgan pensionerlarning pensiya to'lovlarini olish huquqini tasdiqlashda “MyID” axborot tizimi orqali shaxsni masofadan turib tasdiqlash imkoniyatini yaratish vazifasi yuklatildi. Bu esa chet elda yurgan fuqarolar uchun qo'shimcha qulayliklar tug'dirishi kutilmoqda.

Source: kun.uz