Isroil siyosatida o'nlab yillar davomida hukmronlik qilib kelayotgan bosh vazir Benyamin Netanyaxu mamlakat tuzilmalari, siyosiy tizimi va ijtimoiy qiyofasini tubdan o'zgartirib yubordi. Tarafdorlari uni “Qirol Bibi” deb ulug'lasa, tanqidchilar esa uni xavfsizlikdagi jiddiy muvaffaqiyatsizliklar va korrupsiyada ayblamoqda. Uning uzoq yillik faoliyati davomida Isroil jamiyati o'ta o'ngchi qarashlarga burilib ketgani yaqqol ko'zga tashlanadi.
Isroil rejimi rahbari sifatida Netanyaxu o'zining siyosiy maqsadlariga erishish uchun davlat institutlarini qayta shakllantirib, xavfsizlik tuzilmalariga o'ziga sodiq shaxslarni tayinlagani aytiladi. 2018 yilda qabul qilingan va ko'plab e'tirozlarga sabab bo'lgan “Milliy davlat” qonuni Isroilni faqat yahuiylarning eksklyuziv davlati deb belgilab, noqonuniy aholi punktlarini kengaytirishni ustuvor vazifa etib belgiladi. Xalqaro huquq himoyachilari ushbu qonunni aparteid siyosatining yaqqol dalili sifatida baholamoqda.
Shuningdek, Netanyaxu sudyalar mustaqilligini cheklashga qaratilgan va jamiyatda keskin noroziliklarga sabab bo'lgan sud-huquq islohotlarini amalga oshirishga urindi. Oppozitsiya vakillari buni “davlat to'ntarishi” deb atagan bo'lsa-da, isroillik siyosatchi buni “sud diktaturasiga” qarshi kurash deb atadi. Ayni paytda, u uchta alohida korrupsiya ishi bo'yicha tergov ostida qolmoqda va Xalqaro jinoiy sud tomonidan unga nisbatan harbiy jinoyatlar yuzasidan order berilgan.
Netanyaxuning tarafdorlari uni boshqalar uddalay olmagan ishlarni bajargan qat'iy lider deb bilishadi. Biroq, uning muxoliflari o'n yilliklar davomida orttirib kelingan ijtimoiy bo'linishlar va xalqaro izolyatsiyani bartaraf etish oson bo'lmasligini ta'kidlashmoqda.
Source: www.aljazeera.com