Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bolgariyada ish haqi bo‘yicha jiddiy muammolarga duch kelgach, Chexiyaga o‘tib ketgan O‘zbekiston fuqarosi u yerda ham doimiy ish topa olmay, og‘ir moliyaviy ahvolda qoldi. «Dunyo» axborot agentligining diplomatik vakolatxona ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, B.V. ismli fuqaro dastlab daromad topish ilinjida Bolgariyaga borgan edi, biroq ish beruvchilar tomonidan va’da qilingan oylik maoshlar to‘lanmagach, boshqa davlatga o‘tishga majbur bo‘lgan.

Biroq Chexiyada ham uning ishlari yurishmagan bo‘lib, zarur qonuniy hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtira olmagani sababli u yerda rasmiy va doimiy ish topish imkonidan mahrum bo‘lgan. Oqibatda hech qanday daromad manbaiga ega bo‘lmagan hamyurtimiz poytaxt Pragada yashash uchun mablag‘siz qolib, jiddiy ijtimoiy va moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirgan.

Yuzaga kelgan og‘ir vaziyatdan chiqish maqsadida fuqaro O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Elchixonaning konsullik bo‘limi xodimlari vaziyatni o‘rganib chiqib, uning vatanga xavfsiz qaytishini ta’minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirgan.

Ko‘rilgan amaliy yordam natijasida hamyurtimizga maxsus guvohnoma rasmiylashtirilib, u «Praga — Boku — Toshkent» yo‘nalishidagi aviareys orqali muvaffaqiyatli ravishda O‘zbekistonga qaytarildi.

Source: kun.uz