Xalqaro valyuta jamg'armasining so'nggi prognozlariga tayanib tayyorlangan yangi infografikada O'zbekiston 2026-yilda eng yuqori iqtisodiy o'sish sur'atlarini ko'rsatishi kutilayotgan davlatlar qatoridan joy oldi. Voronoi platformasi uchun mutaxassis Aneesh Anand tomonidan tayyorlangan ushbu tahliliy ro'yxatda asosan Osiyo va Afrika mintaqalari mamlakatlari yetakchilik qilmoqda.
XVJ hisob-kitoblariga ko'ra, 2026-yil yakuniga kelib jahon iqtisodiyoti atigi 3,1 foizga o'sishi taxmin qilinmoqda. Biroq, mavjud geosiyosiy beqarorlik, energetika bozorlaridagi jiddiy silkinishlar va global miqyosdagi chuqur noaniqlikning kuchayib borayotganiga qaramasdan, ayrim rivojlanayotgan hududlar yuqori ko'rsatkichlarni qayd etishi aytilmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar bu raqamlar faqat dastlabki prognozlar ekanligini va yakuniy natijalar keskin o'zgarishi mumkinligini ta'kidlashmoqda.
Global reytingda Janubiy Amerikaning Gayana davlati 22,3 foizlik real yalpi ichki mahsulot o'sishi bilan yaqqol yetakchilik qilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bunday misli ko'rilmagan yuqori sur'at asosan mamlakatda neft sektorining jadal kengayishi va qazilma boyliklarning o'zlashtirilishi bilan bog'liq. Shuningdek, Tayvan iqtisodiyoti uchun ham 10,7 foizlik o'sish prognoz qilingan bo'lib, buning asosiy omili sifatida sun'iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi va global miqyosda yuqori texnologiyali mahsulotlarga bo'lgan talabning ortishi ko'rsatilmoqda.
Afrika qit'asida yuqori o'sish sur'atlari kutilayotgan iqtisodiyotlar qatoriga Janubiy Sudan, Efiopiya va Ruanda kiritilgan. Osiyo mintaqasida esa Tayvondan tashqari Qirg'iziston, Vetnam va O'zbekiston davlatlari ijobiy ko'rsatkichlari bilan ajralib turibdi. Shunga qaramay, mazkur prognozlar bugungi murakkab va tahlikali global muhitda har qanday iqtisodiy rejalarning qanchalik shartli ekanini yana bir bor ko'rsatmoqda.
Source: kun.uz