Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan yangi qarorga muvofiq, mamlakatda byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishida tartib-intizomni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2027-yilning 1-martidan boshlab maqsadli dasturlar doirasidagi loyiha hujjatlariga asossiz o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanishi belgilanmoqda. Ushbu chora davlat mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlashga qaratilgan.

Tasdiqlangan me’yorlarga ko‘ra, loyiha tashkilotlariga shartnomalarga muvofiq bir martalik 30 foiz miqdorida bo‘nak to‘lovi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish qiymatining 10 foizi miqdorida mualliflik nazorati xarajatlari shartnomalarda alohida ko‘rsatilishi shartligi belgilandi. Loyihalashtirish topshiriqlarini raqamli formatga o‘tkazish va ularni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Barcha tayyor loyiha-smeta hujjatlari endilikda «Shaffof quriliş» milliy axborot tizimi orqali qabul qilinib, avtomatik ravishda bir ish kunida ekspertizaga yuborilishi ta’minlanadi. Ushbu raqamlashtirish jarayoni ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishdagi obyektlar kesimida 2028-yilning o‘rtalariga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, ijobiy ekspertiza xulosasi olinib, buyurtmachi xizmatining ichki buyrug‘i bilan tasdiqlangandan so‘ng loyihalarga asoslantirilmagan qo‘shimchalar kiritish qat’iyan man etiladi. Agar obyekt qiymati dastlabki qiymatdan 1,5 baravardan ortiq farq qilsa, loyiha-qidiruv ishlari qiymati qayta hisoblab chiqiladi.

Source: kun.uz