Avstraniyalik tadqiqotchilar organizmning ichki biologik soati buzilishi bilan chambarchas bog'liq bo'lgan depressiyaning o'ziga xos kichik turi mavjudligini taxmin qilishdi. Sidney universiteti neyrobiologlari va psixiatrlari tomonidan o'tkazilgan tahlillar shuni ko'rsatadiki, ushbu guruhga mansub insonlarda ruhiy tushkunlik holatlari ancha erta boshlanadi, shuningdek, antidepressant dorilarning samaradorligi pastroq bo'lib, nojo'ya ta'sirlari ko'proq kuzatiladi.
Ma'lumki, depressiya belgilari va davolash choralariga javob har bir insonda turlicha kechadi. Tadqiqotchilar bu tafovutlarning asosiy sabablaridan biri sirkad ritmlar — ya'ni organizmning ichki biologik soati faoliyatidagi nomutanosibliklar bilan bog'liq bo'lishi mumkinligini o'rganib chiqishdi. Sirkad ritmlar fiziologik jarayonlarning kun va tun almashinuviga moslashgan taxminan 24 soatlik o'zgarishlari bo'lib, ularni muvofiqlashtiruvchi asosiy tashqi signal sifatida yorug'lik xizmat qiladi.
Ushbu murakkab tizim uyqu va uyg'oqlik, kayfiyat, modda almashinuvi hamda diqqatni jamlash kabi muhim jarayonlarda hal qiluvchi o'rin tutadi. Uning faoliyatidagi buzilishlar odamda xuddi bir nechta vaqt mintaqasini kesib o'tgandagi holat – doimiy charchoq va uyqu muammolari bilan namoyon bo'lishi mumkin. British Journal of Psychiatry jurnalida e'lon qilingan ilmiy ishda 18 yoshdan 90 yoshgacha bo'lgan 11 380 nafar ishtirokchining ma'lumotlari chuqur tahlil qilindi.
Olimlar maxsus mezonlar, jumladan, kayfiyatning mavsumiy o'zgarishi, kechki xronotip, uyqu vaqtining kechikishi, haddan tashqari uzoq uxlash, ertalabki holsizlik va «ijtimoiy jetlag» kabi oltita belgidan kamida uchtasi mavjud bo'lgan shaxslarni sirkad kichik turga ajratishdi. Natijada ishtirokchilarning qariyb 23 foizi ushbu guruhga kiritildi. Aniqlanishicha, bu guruhdagi shaxslarda depressiya odatda o'rtacha 19 yoshda boshlangan bo'lib, ayollar ulushi yuqoriroq, maniya, psixoz va o'z joniga qasd qilishga moyillik kabi og'ir klinik belgilar hamda vazn ortishi ko'proq qayd etilgan.
Source: kun.uz