Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ispaniya poytaxti Madrid shahrida davlat pensiya ta'minoti tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida taxminan 25 ming kishi ko‘chaga chiqdi. Yevropa bo‘ylab yashash sharoitlarining og‘irlashuvi, narx-navoning oshishi va korrupsiya vajlari bilan bog‘liq noroziliklar fonida o‘tgan ushbu aksiya kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovlar oldidan keskin tus olmoqda. Mamlakatning turli burchaklaridan kelgan namoyishchilar Atocha temir yo‘l stansiyasidan Madridning eng gavjum ko‘chasi bo‘lgan Gran-Viyagacha bo‘lgan masofani piyoda bosib o‘tdilar.

Ispaniyadagi pensiya tizimiga tushayotgan og‘irlik aholining qarishi, tug‘ilish darajasining pastligi, ish haqining turg‘unligi hamda ishchilar va pensionerlar o‘rtasidagi nisbatning yomonlashuvi kabi bir qator tizimli muammolar tufayli yuzaga kelmoqda. Namoyishchilar kelasi oydagi saylovlarda kim g‘alaba qozonishidan qat'i nazar, amaldagi pensiya tizimi jiddiy zaiflashishidan xavotir bildirmoqdalar. Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatning oylik pensiya xarajatlari rekord darajaga yetib, deyarli 14,5 milliard yevroni (16,2 milliard dollar) tashkil etdi.

Aksiya qatnashchilari qo‘llarida "pensiyalarimizni himoya qiling va kafolatlang" deb yozilgan shiorlarni ko‘tarib olishgan. Mas Madrid so‘l partiyasining Madrid Assambleyasidagi raisi o‘rinbosari Emilio Delgado ijtimoiy tarmoqlarda hech bir pensiya eng kam ish haqidan past bo‘lmasligi kerakligini, bir umrlik mehnat munosib nafaqaga loyiqligini ta'kidladi. Namoyishchilar pensiyalarning inflyatsiyaga qarab indeksatsiya qilinishini saqlab qolish va gender pensiya tafovutiga barham berishni talab qilmoqdalar.

Yevropa rejimi tarkibiga kiruvchi Ispaniya rahbari Pedro Sanches o‘zining siyosiy raqibi, o‘ng markazchi Xalq partiyasini (PP) kelasi oydagi saylovlarda g‘alaba qozonsa, inflyatsiyaga bog‘langan pensiya oshishini cheklashni rejalashtirayotganlikda aybladi. Biroq, mazkur partiya yetakchisi Alberto Nunyes Feyxo dushanba kuni agar uning partiyasi saylovda g‘alaba qozonsa, pensiyalarni inflyatsiyaga mos ravishda oshirishda davom etishini da'vo qildi. Shunga qaramay, pensionerlar sonining o‘sib borishi va oylik to‘lovlarning oshishi sababli tizim davlat subsidiyalariga tobora ko‘proq qaram bo‘lib qolmoqda.

Source: www.aljazeera.com