Sun'iy intellekt (SI) rivojlangan va kambag'al davlatlar orasidagi farqni yanada kengaytirib, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tengsizliklarni chuqurlashtirishi mumkin. Bu haqda Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi bosh kotibi o'rinbosari Tomas Lamanauskas Doha shahrida bo'lib o'tgan tadbirda ma'lum qildi, deya xabar beradi OAV.
Uning so'zlariga ko'ra, sun'iy intellekt bo'yicha yuzaga kelayotgan tafovut shunchaki raqamli bo'linishdan iborat emas, balki imkoniyatlar tengsizligiga olib keladi. Afrika va Lotin Amerikasi kabi mintaqalar global ma'lumotlar markazlari quvvatining atigi 3,3 foiziga egalik qilishi, shuningdek, dunyo bo'ylab 2,2 milliard kishi hali ham internet aloqasidan mahrum ekanligi bu muammoning ko'lamidan dalolat beradi.
BMT rasmiylarining taxminlariga ko'ra, raqamli infratuzilmadagi bo'shliqni bartaraf etish uchun 2030 yilgacha qariyb 2,8 trillion dollar miqdorida sarmoya talab etiladi. Rivojlangan mamlakatlarda mehnat yoshidagi aholining 29 foizi generativ sun'iy intellektdan foydalanayotgan bo'lsa, rivojlanayotgan davlatlarda bu ko'rsatkich atigi 16 foizni tashkil etmoqda, bu esa mehnat bozoridagi raqobatbardoshlikni pasaytiradi.
Shuningdek, sun'iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi ish o'rinlarining qisqarishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda. Taxminlarga ko'ra, kelgusida millionlab ish o'rinlari xavf ostida qolishi va ish joylaridagi ko'nikmalarning sezilarli qismi o'zgarib ketishi mumkin. Shunga qaramay, BMT vakili sun'iy intellekt taraqqiyotini to'xtatib bo'lmasligini, faqatgina uning salbiy oqibatlarini yumshatish choralarini ko'rish zarurligini ta'kidladi.
Source: www.aljazeera.com