Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Koʻksaroy qarorgohida sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasi vakillari bilan muhim uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur muloqot davomida mamlakatda tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib baholash va ularni moddiy jihatdan ragʻbatlantirishga qaratilgan qator yangi va keng koʻlamli chora-tadbirlar eʼlon qilindi.

Xususan, soha mutaxassislarining oylik maoshlariga qoʻshimcha ustamalar joriy etilishi belgilandi. Unga koʻra, bakalavriatni tamomlagan hamshira va tibbiyot oʻqituvchilariga 1,5 million soʻm, magistraturani tugatganlarga esa 2,5 million soʻm miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlanishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, oilaviy shifokorlik boʻyicha tor soha mutaxassislari uchun belgilangan ustama miqdori 5,5 million soʻmni tashkil etishi maʼlum qilindi.

Shuningdek, joylarda tibbiyot xodimlari oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovlar koʻlami yanada kengaytirilishi taʼkidlandi. Joriy yilda ilk bor tuman boʻgʻinidagi eng yaxshi shifokor va hamshira nominatsiyalari boʻyicha viloyat tanlovlari oʻtkazilib, gʻoliblarga 30 million soʻmdan mukofot berilmoqda. Kelgusi yildan boshlab bu ragʻbat yanada kuchaytirilib, viloyat bosqichida gʻolib chiqqan 14 nafar shifokor qimmatbaho elektromobil bilan taqdirlanishi aytildi.

Taʼlim tizimini takomillashtirish va kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming nafar shifokor tayyorlanayotgan boʻlib, kelgusi yildan boshlab bu talabalar haftada uch kun bevosita bemor bilan ishlashni oʻrganishi, bitiruvchilar esa oxirgi oʻquv yilida toʻliq tibbiyot muassasasida amaliyot oʻtashi belgilandi. 2027-yildan boshlab esa oliygohlarda tor soha mutaxassisligi boʻyicha rezidenturada oʻqish toʻliq bepul boʻlishi va talabalarga 3 million soʻm miqdorida stipendiya toʻlanishi maʼlum qilindi.

Source: kun.uz