Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish doirasida davlat tibbiyot muassasalari xususiy sektordan qator muhim xizmatlarni bosqichma-bosqich xarid qilish tizimiga o‘tmoqda. Bu haqda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda alohida ta'kidlab o‘tdi.

Davlat rahbarining ma'lum qilishicha, xususiy klinikalar tarmog‘i sezilarli darajada kengayib, ularning umumiy soni 2017 yildagi 3,5 tadan bugungi kunda 9 mingdan ortiqtaga yetgan. Xususan, stomatologiya yo‘nalishida xususiy sektor ulushi 90 foizni tashkil etsa, diagnostikada bu ko‘rsatkich 70 foizga, LOR, urologiya va oftalmologiyada esa 60 foizga yetgan.

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida sezilarli nomutanosiblik va infratuzilmaviy tafovut saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Xususan, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida xususiy klinikalarning 35−40 foizida statsionar o‘rinlar mavjud bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Jizzax hamda Navoiyda bu ko‘rsatkich 15 foizga ham yetmayapti.

Yangi tartibga ko‘ra, davlat shifoxonalari gemodializ, laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya kabi xizmatlarni tadbirkorlardan xarid qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarga zamonaviy tibbiy uskunalarni o‘rnatish uchun davlat shifoxonalaridan maxsus joylar ajratilib, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun sug‘urta mexanizmlari orqali haq to‘lanishi belgilandi.

Shuningdek, xususiy sektor bilan tuziladigan shartnomalar muddatini amaldagi bir yildan besh yilgacha uzaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa biznes vakillariga infratuzilma va zamonaviy uskunalarga uzoq muddatli investitsiyalar kiritish hamda sarflangan mablag‘larni to‘laqonli qoplash imkonini berishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz