«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik jamoaning qoniqarsiz natijalariga qaramay o‘z lavozimida qoldi. U dushanba kuni Kerringtondagi mashg‘ulotlar bazasida jamoaning mashg‘ulot jarayonini boshqardi. Shu tariqa, klub rahbariyati keskin bosim ostida qolgan mutaxassisga joriy mavsumdagi inqirozli vaziyatni o‘nglash uchun yana bir imkoniyat taqdim etdi.
Yakshanba kuni o‘z maydonida «Bornmut»dan uchralgan sharmandali 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Kerrikning kelajagi jiddiy so‘roq ostida qolgan edi. Bu natija «mankunianliklar»ning barcha musobaqalardagi g‘alabasiz seriyasini sakkizta o‘yinga yetkazdi. Ayni paytda jamoa Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida 16-o‘ringa tushib ketgan bo‘lib, xavfli quyi ligaga tushib ketish hududidan bor-yo‘g‘i bir ochko oldinda bormoqda.
Mag‘lubiyat ortidan klubning yuqori martabali mutasaddilari dushanba kuni shoshilinch muzokaralar o‘tkazdi va Britaniya ommaviy axborot vositalarida murabbiy o‘rniga ehtimoliy nomzodlar haqida xabarlar tarqala boshladi. Shunga qaramay, rahbariyat isteʼfo to‘g‘risida rasmiy qaror chiqarmadi. 45 yoshli mutaxassis rejadagi kabi ishini davom ettirib, shanba kuni «Chelsi»ga qarshi bo‘ladigan muhim o‘yinga tayyorgarlikni o‘z qo‘liga oldi.
Qizig‘i shundaki, «Old Trafford»dagi so‘nggi bahsda muxlislar o‘z g‘azabini murabbiyga emas, balki futbolchilarga qaratishdi. Hakamning final hushtagidan so‘ng Kerrik kiyinish xonasiga yo‘l olarkan, minglab ishqibozlar uning nomini kuylab, olqishlar bilan kuzatib qo‘ydi. Ammo maydonni tark etayotgan futbolchilar kuchli hushtakbozlik va norozilik sadolari ostida qoldi. Bu holat muxlislarning klub safida 12 yil to‘p surgan faxriy futbolchisiga bo‘lgan yuksak hurmati va ishonchi hali ham saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
Maykl Kerrik o‘yindan keyingi matbuot anjumanida butun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olib, futbolchilarni himoya qildi: «Men mavjud vaziyatni to‘liq tushunib turibman. To‘g‘risini aytsam, qandaydir maxsus narsani kutayotganim yo‘q. Men o‘z vazifamni odatdagidek bajarishda davom etyapman va bu yerni yaxshi ko‘raman. Qanday qaror qabul qilinishidan qatʼi nazar, doimo klub manfaati uchun eng yaxshisini qilishga intilaman», — dedi u.
Source: www.aljazeera.com