Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Birlashgan Millatlar Tashkilotining mustaqil komissiyasi Rossiya qurolli kuchlariga chet el fuqarolarini yollash jarayonida odam savdosi usullaridan foydalanilgani haqida jiddiy va ishonchli dalillar mavjudligini bildirdi. Xalqaro tuzilmaning hisobotiga ko'ra, kamida 29 ta davlatning fuqarolari aldamchilik va majburlov orqali harbiy xizmatga jalb qilingan, bu esa insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholanishi mumkin.

BMT Bosh Assambleyasining Ukrainadagi mojaro davomida sodir etilgan qoidabuzarliklarni tekshiruvchi komissiyasi Rossiya hukumati turli mamlakatlardagi yashirin agentlar va tarmoqlar bilan til biriktirganini qayd etdi. Guvohlar va jabrlanganlarning ko'rsatmalariga tayanib tuzilgan ma'ruzada ta'kidlanishicha, yollash ishlari ko'pincha odam savdosining klassik sxemalari bo'yicha amalga oshirilgan va xorijliklar ataylab chalg'itilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya qo'shinlari safida jami 48 ta davlat fuqarolari paydo bo'lgani aniqlangan bo'lsa-da, ulardan kamida 29 tasining vakillari aynan zo'ravonlik yoki yolg'on va'dalar evaziga frontga yuborilgan. Ushbu ro'yxatga sobiq Sovet ittifoqi respublikalari bilan bir qatorda Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari, jumladan Braziliya, Hindiston, Turkiya va Janubiy Afrika Respublikasi fuqarolari ham kirgan.

Hisobot mualliflari yollash jarayonida qo'llaniladigan muntazam qonuniyatlarni fosh qildi. Unga ko'ra, yollovchilar aholining eng nochor hamda himoyasiz qatlamlarini nishonga olgan. Jabrlanganlarga Rossiyada tinch va yuqori maoshli kasblarda ishlash va'da qilingan, ba'zi hollarda esa ularning jangovar harakatlarga jalb etilmasligi rasman kafolatlangan.

Biroq Rossiyaga yetib borgan xorijliklar tilni bilmasliklaridan foydalanilib, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlangani aytilmoqda. Ularning pasportlari va aloqa vositalari tortib olinib, zarur harbiy tayyorgarlik berilmagan holda frontning eng xavfli qismlariga tashib yuborilgan va ularning aksariyati ilk kunlardayoq halok bo'lgan.

Source: kun.uz