Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nyu-Yorkdagi mashhur Sotheby’s auksionida tirannozavrning yaqin qarindoshi hisoblangan nanotirannusning noyob skeleti 47,3 million dollarga sotildi. Ushbu savdo natijasida mazkur topilma tarixdagi ikkinchi eng qimmat qazilma boylikka aylandi va ilmiy hamjamiyatda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jodi deb nomlangan bu noyob namuna dastlab 6–9 million dollar atrofida baholangan edi. Biroq savdo jarayonida narxning keskin oshib ketishiga skeletning mukammal saqlangani sabab bo‘ldi, chunki u bugungi kunda olimlarga maʼlum bo‘lgan nisbatan butun saqlangan uchta nanotirannus skeletidan biridir. Qoldiqlar 2019-yilda montanalik fermer ayol Jodi Pirson tomonidan topilgan bo‘lib, uning balandligi 2 metr, uzunligi esa 6 metrni tashkil etadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, nanotirannus uzoq yillar davomida mustaqil tur sifatida eʼtirof etilmay, yosh tirannozavr sifatida xato talqin qilingan. Shunga qaramay, mazkur qoldiqning ochiq auksionda shaxsiy kolleksiyaga sotib yuborilishi olimlarning keskin tanqidiga uchradi. Xususan, Edinburg universiteti professori Stiv Brusatte bu kabi nodir ilmiy obidalar xususiy omborlarda yo‘qolib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Hozircha qoldiqni qo‘lga kiritgan xaridorning shaxsi sir saqlanmoqda. O‘ta yirik summani to‘lagan shaxs skeletga egalik qilish huquqini to‘liq qo‘lga kiritdi, bu esa kelgusida uning nusxalarini muzeylar yoki boshqa kolleksionerlarga tijorat maqsadida sotish imkonini beradi.

Source: kun.uz