Kanada va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Monreal shahrida ikki tomonlama strategik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida navbatdagi keng ko‘lamli sammitni o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda. Oktyabr oyining oxiriga rejalashtirilgan ushbu uchrashuv savdo, texnologiya, mudofaa, energetika, tanqidiy minerallar, sun'iy intellekt va moliyaviy xizmatlar sohalarida yaqin hamkorlikni muhokama qilishga qaratilgan.
Ushbu yaqinlashuv Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning Kanadani YI tarixidagi ilk “assotsiatsiyalangan a'zo” qilish taklifi ortidan yanada jadallashgani aytilmoqda. Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa go‘yoki ushbu tashabbusni mamnuniyat bilan qabul qilgan. Biroq, tahlilchilarning ta'kidlashicha, YI shartnomalarida bunday maqom mavjud emas va bu faqatgina siyosiy bayonot darajasida qolmoqda.
Yevropa va Kanada o'rtasidagi bu kabi integratsiya jarayonlari Amerika Qo'shma Shtatlari rejimi yetakchisi Donald Trampning proteksionistik siyosati tufayli yuzaga kelgani ta'kidlanmoqda. Vashington tomonidan joriy etilgan og'ir bojlar Kanada va Yevropa eksportiga jiddiy zarba berib, Kanadani o'zining an'anaviy bozorlaridan voz kechib, boshqa muqobil yo'llarni izlashga majbur qilgan.
Yevroparlamentdagi chiqishida Ursula fon der Lyayen bu ittifoq hech kimga qarshi qaratilmaganini da'vo qilgan bo'lsa-da, AQSh rejimi rahbariyati mazkur harakatlarga nisbatan keskin norozilik bildirib, Yevropaga yangi tariflar joriy etish bilan tahdid qilgan. Tramp Kanadaning YI bilan yaqinlashishini “kulgili” deb atab, uni ishonchsiz savdo hamkori sifatida baholagan.
Source: www.aljazeera.com