Sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlariga asoslangan yangi global tadqiqot dunyo bo‘yicha mangrov o‘rmonlari o‘nlab yillik qisqarishdan so‘ng qayta tiklana boshlaganini ko‘rsatdi. Science jurnalida chop etilgan ishda 1984–2023-yillarda Landsat sun’iy yo‘ldoshlari yig‘gan suratlar tahlil qilinib, mangrovzorlar maydoni va daraxtlar shox-shabbasi zichligidagi o‘zgarishlar kuzatilgan. Natijalarga ko‘ra, 1984–2010-yillarda bu ekotizimlar qariyb 3000 kvadrat kilometrga qisqargan bo‘lsa, 2010-yildan keyin maydon taxminan 2000 kvadrat kilometrga kengaygan. Tadqiqot xalqaro miqyosda qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarini muhofaza qilish va tiklash siyosati uchun muhim ilmiy asos yaratadi.
Asosiy faktlar: 1984–2010-yillarda mangrov o‘rmonlari qariyb 3000 kvadrat kilometrga qisqargan, 2010-yildan keyin esa taxminan 2000 kvadrat kilometrga kengaygan. Maydon o‘sishining qariyb uchdan ikki qismi daraxtlarning yangi hududlarga tarqalishi, uchdan bir qismi esa degradatsiyaga uchragan maydonlarning tabiiy tiklanishi bilan bog‘liq. Eng sezilarli ijobiy o‘zgarishlar Janubiy Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyoda, xususan, Myanmada qayd etilgan.
1970-yillarda Landsat turkumidagi birinchi sun’iy yo‘ldosh uchirilgach, olimlar mangrov o‘rmonlarini xaritalashda masofadan zondlash imkoniyatlaridan foydalana boshlagan. Keyingi o‘n yilliklarda olingan ma’lumotlar asosan qisqarish, degradatsiya va qirg‘oqbo‘yi yashash muhitlarining yo‘qolishini ko‘rsatgan. XX asrning 80- va 90-yillarida Janubi-Sharqiy Osiyoda qishloq xo‘jaligi yerlarining kengayishi, akvakultura rivoji va qirg‘oqbo‘yi hududlarida o‘tin tayyorlash mangrov maydonlarining jadal qisqarishiga sabab bo‘lgan. Yangi tadqiqot esa taxminan 2010-yilda global tendensiya o‘zgarganini, Osiyo, Avstraliya va Janubiy Amerikada maydon kengayganini qayd etadi.
«Boshqa tadqiqot guruhlari ayrim mintaqalarning xaritalarini tuzib, ulardagi uzoq muddatli o‘zgarishlarni o‘rgangan. Biroq biz ilk bor mangrov o‘rmonlarining shunchalik uzoq davrni qamrab oluvchi global xaritalarini oldik», — dedi AQShdagi Tulane universitetining ekologiya fanlari bo‘yicha mutaxassisi Chjen Chjan. Uning ta’kidlashicha, maydon o‘sishining qariyb uchdan ikki qismi mangrov daraxtlarining yangi hududlarga tarqalishi bilan bog‘liq, qolgan qismi esa avval degradatsiyaga uchragan maydonlarda o‘rmonlarning tiklanishi va tabiiy ravishda qayta o‘sishi hisobiga yuz bergan. Tadqiqotchilar, shuningdek, ko‘plab mangrovzorlarda shox-shabba 2010-yilga nisbatan qalinlashganini aniqlagan.
Mutaxassislar bu ijobiy tendensiyani barqaror saqlash uchun uzoq muddatli monitoring, qirg‘oqbo‘yi hududlarini rejalashtirish va mahalliy hamjamiyatlarni jalb qilgan holda tiklash amaliyotlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlaydi. Mangrov o‘rmonlari qirg‘oqni eroziyadan himoya qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga moslashishda muhim rol o‘ynaydi. Kelgusi tadqiqotlar tabiiy kengayish bilan maqsadli ekologik tiklash loyihalari o‘rtasidagi farqni aniqroq ajratishga, shuningdek, mintaqalar bo‘yicha barqarorlikni baholashga qaratilishi kutilmoqda.
Source: kun.uz