Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2025-yilda O‘zbekiston aholisi bankomatlardan naqd pul yechib olishda 290 ming marta nosozliklarga duch kelgan. Bu haqda 18-may kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda 42 mingdan ortiq bankomat va infokiosklar o‘rnatilgan. Har 100 ming aholiga 55 ta shunday qurilma to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, Gruziyada bu ko‘rsatkich 108, Rossiyada 105, Yaponiyada 103 tani tashkil etadi.

Senatorning ta’kidlashicha, moliyaviy xizmatlar qamrovi kengayganiga qaramay, sohada fuqarolar e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, naqd pul yechish vaqtida kartaning bankomatda qolib ketishi, mablag‘ hisobdan yechilgani holda pul berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.

“Eng yomoni, minglab odamlar bankomatda naqd pul yechishdagi texnik nosozliklar sabab haftalab ovoragarchilikka duch kelmoqda. Shu bilan birga, ularning muammosini tezkor hal qilish mexanizmlari amalda joriy etilmagan”, — dedi Qutbiddin Burxonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilar murojaatlari asosida Andijonda o‘tkazilgan qisqa muddatli o‘rganishlar ham bunday holatlar mavjudligini tasdiqlagan.

Senator asosiy muammo bunday holatlar sonida emas, balki ularni tezkor hal qilish mexanizmlari yo‘qligida ekanini ta’kidladi.

“Ha, bugun bankomatlar ko‘p, ulardan foydalanuvchilar soni ham juda katta. Ammo asosiy muammo shundaki, ushbu 290 ming holat bo‘yicha mingdan ortiq fuqaroning murojaatlari yuzasidan pul mablag‘larini tezkor qaytarish va plastik kartani bankomatdan qisqa vaqt ichida olib berishga xizmat qiluvchi servis tizimi yo‘lga qo‘yilmagan”, — dedi Qutbiddin Burxonov.

Uning ma’lum qilishicha, bunday holatlar bo‘yicha fuqarolarning banklarga murojaatlari odatda 1 kundan 15 ish kunigacha ko‘rib chiqiladi. 2025-yilda bankomatlar orqali operatsiyalardagi turli nosozliklar bo‘yicha kelib tushgan 290 ming murojaatning 97 mingtasi ikki ish kuni ichida, 22 mingtasi 4−6 ish kunida, 9700 tasi 7−15 ish kunida, qariyb 10 mingtasi esa 15 kundan ortiq muddatda ko‘rib chiqilgan.

“Endi tasavvur qiling: insonga mahsulot yoki dori olish uchun zudlik bilan bankomatdan 500 ming so‘m yechib olish kerak, ammo u o‘z muammosi bank tomonidan hal etilishini 15 kungacha kutib o‘tirishga majbur. Buni qanday izohlash mumkin?” — dedi Qutbiddin Burxonov.

Senator shuningdek ma’lum qilishicha, ko‘plab fuqarolar muammoni tez hal qilish maqsadida ichki ishlar organlariga — 102 tizimiga murojaat qilishmoqda. 2024−2025-yillar va 2026-yilning birinchi choragi davomida bankomatlar faoliyati bilan bog‘liq 3100 ta murojaat qayd etilgan.

“Ya’ni ichki ishlar organlari jinoyatchilikni jilovlash vazifalari bilan bir qatorda, bankomatda qolib ketgan kartani olib berish kabi muammolarni hal etishga ham jalb etilmoqda”, — dedi Qutbiddin Burxonov.

Uning ta’kidlashicha, 290 mingta holat mas’ul idoralarni jiddiy o‘ylashga undashi kerak. Senator Markaziy bank yaqinda bankomatlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tijorat banklariga tavsiyalar berganini, ammo bu yetarli emasligini qayd etdi.

“Aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan bu muammo hisobga olinganda, bu yo‘nalishda qattiq choralar ko‘rilishi kerak. Markaziy bank bu jarayonda asosiy yetakchi bo‘lishi lozim”, — dedi u.

Senator banklar mas’uliyatini oshirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qonun bilan belgilash hamda fuqarolar mablag‘ini tezkor qaytarish mexanizmlarini joriy etishga chaqirdi.

U, shuningdek, Markaziy bank rahbariyatidan kelasi hafta Senatga taqdim etiladigan hisobotda ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalariga alohida e’tibor qaratishni so‘radi.

“Eng muhimi — fuqarolarimiz bank tizimidagi muammolar tufayli jabr chekmasligi kerak, ichki ishlar organlari esa o‘zining asosiy vazifasi — jinoyatchilikning oldini olishga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim”, — dedi Qutbiddin Burxonov.

Source: www.gazeta.uz