O‘zbek maqom san’atining yirik namoyandalaridan biri, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli xonanda va mumtoz maqom ijrochisi Xadiya Yusupova 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi ma’lum qildi.
Xadiya Yusupova 1938-yil sentabr oyida Namangan shahrida tavallud topgan. U 3 yoshidan qo‘shiq kuylashni boshlagan.
1956-yilda Moskvada o‘tkazilgan Yoshlar festivalida birinchi o‘rinni egallab, 1957-yilda O‘zbekiston davlat filarmoniyasiga ishga qabul qilindi. Keyinchalik O‘zbekiston radiosi qoshidagi ansamblda Berta Davidova va Kommuna Ismoilova kabi san’atkorlar bilan birgalikda faoliyat olib bordi.
1958-yilda Yunus Rajabiy rahbarligida tashkil etilgan “Maqom” ansambli tarkibida faoliyat yuritib, maqom san’atining durdonalarini chuqur o‘rganib, ularni mahorat bilan ijro etdi. Respublika radiosi va televideniyesida “Shohi belbog‘”, “Ko‘ngil ol”, “Savti Sabo” kabi ko‘plab mumtoz ashulalarni mohirona ijro etib, milliy musiqa oltin xazinasiga hissa qo‘shgan.
1988-yildan boshlab Manon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutida (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti) an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida muallimlik qilgan.
Source: www.gazeta.uz