Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Vistavochnaya” podstansiyasida 1-iyun kuni transformator yondi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, soat 18:57 da tumandagi Kichik halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan podstansiya ichida transformator yonayotgani haqida shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushdi. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 19:01 da yetib borgan. Yong‘in soat 19:12 da qurshab olinib, 19:17 da to‘liq o‘chirilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.

Shu bilan birga, Olmazor tumani hokimligi “Vistavochnaya” podstansiyasida yuzaga kelgan avariya sababli ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Xususan, “Quyosh”, “Orzu”, “Universitet”, “Ziyo”, “Zamondosh”, “Alon”, “Chustiy”, “Chig‘atoy Darvoza” va “Ziyokor” mahallalarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, avariya oqibatida 6 ming 200 ta xonadon, 807 ta yuridik iste’molchi, 18 ta ijtimoiy soha obyekti hamda talabalar turar joylari elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan. Ayni paytda maxsus brigadalar tomonidan avariya oqibatlarini bartaraf etish va elektr ta’minotini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Source: www.gazeta.uz