Vena shahrida BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasining 35-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 175 davlatdan 1,5 mingdan ortiq yuqori martabali rahbarlar va ekspertlar ishtirok etdi. Joriy yilda O‘zbekiston ilk bor ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga a’zo bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qildi. U 175 davlat orasida birinchi bo‘lib milliy ma’ruzani taqdim etdi. Nutqida respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, sud tizimi, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtaldi.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, uydagi zo‘ravonlik, korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kiberjinoyatchilik va korrupsiya kabi tahdidlar chegaralarni tanimaydi, shuning uchun ularga qarshi kurash davlatlar o‘rtasida doimiy muloqot va tajriba almashishni talab qiladi.
Source: podrobno.uz