Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yuk elektromopedining kanalga tushib ketishi oqibatida to‘rt nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, voqea 31-may kuni soat 20:25 da sodir bo‘lgan.

112 tizimiga kelib tushgan xabarga asosan, yuk tashish uchun mo‘ljallangan elektromoped haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, 7 nafar fuqaro bilan birga “Narpay” kanaliga tushib ketgan. Voqea joyiga yetib borgan FVV qutqaruvchilari kanalga tushgan 8 kishidan 4 nafari aholi tomonidan qutqarilganini aniqlagan.

Keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari davomida qolgan 4 kishi halok bo‘lgan holda kanaldan olib chiqilgan. Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, Paxtachi tumani “Ukrach” MFYda yashovchi 42 yoshli fuqaro boshqaruvidagi elektromopedga jami 8 kishi – turmush o‘rtog‘i, o‘zi va qo‘shni xonadondan 6 nafar voyaga yetmagan bolani mindirib, sayr qilayotgan bo‘lgan.

FVVning aniqlik kiritishicha, haydovchi, uning turmush o‘rtog‘i va 2 nafar bola qutqarilgan, vafot etganlar 4 nafar bola bo‘lgan. Hozirda voqea joyida Paxtachi tumani prokuraturasi, IIB va FVB tomonidan hodisaning sabablari o‘rganilmoqda.

Source: www.gazeta.uz