Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Navoiy viloyatida qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng 10 ta yangi kichik tonnajli kimyo loyihasi amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
So‘nggi yillarda kimyo sohasiga 8,3 milliard dollar sarmoya jalb qilinib, 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Natijada PVX, «yashil» vodorod, ko‘pikli polipropilen va BOPP plyonka kabi 60 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Shu bilan birga, hal etilmagan muammolar ham saqlanib qolmoqda. Sanoatning o‘sish sur’atlari respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan past bo‘lib, kimyo mahsulotlari importi yiliga 4,5 milliard dollarga yetgani qayd etildi.
Prezident yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratdi. Misol tariqasida, «Navoiyazot»da ishlab chiqariladigan bir tonna sianid tuzining bozor qiymati 3,7 ming dollarni tashkil etishi, uni yelim mahsulotlariga qayta ishlashda esa qiymat 8 ming dollargacha oshishi mumkinligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan mas’ul shaxslarga «Navoiyazot» qoshidagi kimyo klasterida umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 10 ta kichik tonnajli kimyo loyihasini ishga tushirish topshirildi.
Yig‘ilishda sanoatning asosiy vazifalaridan biri mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosish va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish ekanligi ta’kidlandi.
Source: kun.uz