Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahallasidagi 60-uy hovlisida sport musiqasi yangraydi, hakam hushtagi havoni tilib o‘tadi, muxlislar va tomoshabinlarning shovqini eshitiladi. Kimdir yaqin atrofdagi uylar aholisi olib chiqqan o‘rindiq va kursilarda o‘tirgan bo‘lsa, boshqalar yerda qulay joylashib olgan. Yaqindagina sud orqali qurilishdan saqlab qolingan futbol maydonida mezbon — “Yu. Rajabiy” jamoasi Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridan kelgan mehmonlarni qabul qilmoqda. Sportchilar 10−12 yoshda.

Bu Toshkent futbol assotsiatsiyasi tomonidan Yunus Rajabiy mahallasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ikkinchi bolalar turniridir. Birinchi turnir 2023-yilda futbol maydonini himoya qilish aksiyasi va turar-joy dahalarida futbol maydonlari soni qisqarib borayotganiga jamoatchilik e’tiborini qaratish usuli sifatida tashkil etilgan edi.

May oyida O‘zbekiston Oliy sudi mahalla aholisi tomonini olib, ushbu hududda qurilish qilishga ruxsat beruvchi qarorni bekor qilish haqidagi qarorni kuchda qoldirdi. Qurilish kompaniyasiga qarshi kurash to‘rt yil davom etgan.

“Bugun biz uzoq kutilgan g‘alabani nishonlayapmiz. Nihoyat, o‘zimiz „qaytarib olingan maydon“ deb ataydigan joyda yana bolalar futbol o‘ynayapti, kulgi ovozlari eshitilyapti, turnir o‘tkazilyapti. Bularning barchasini ko‘rganingizda, uzoq va og‘ir kurash behuda bo‘lmaganini tushunasiz”, — deydi 60-uyda istiqomat qiluvchi faol Mukarram Bahromxo‘jayeva.

Maydonda birinchi o‘yin boshlandi. Ismlari yozilgan qizil futbolkadagi mezbonlarga Yunusobod tumanidan kelgan mehmon jamoa qarshi chiqdi. “Yu. Rajabiy” futbolchilari to‘pni ishonchli nazorat qildi, raqib darvozasi oldida ko‘proq paydo bo‘ldi va ularga hujum tashkil etish uchun deyarli imkoniyat qoldirmadi.

Asosiy tarkibga kirmagan bolalar maydon chetidan o‘yinni diqqat bilan kuzatib turdi. To‘rli to‘siq ortidagi tomoshabinlar — yosh futbolchilarning ota-onalari va yaqin atrofdagi uylar aholisi ham xuddi shunday qiziqish bilan o‘yinni kuzatdi. Har bir aniq pas va xavfli vaziyat qarsaklar va baland ovozli hayqiriqlar bilan qarshi olindi. Maydon chetidan “Barakalla!”, “Pas ber!”, “Darvozaga tep!” degan chaqiriqlar eshitilib turdi. Ba’zan muxlislar o‘zaro bahsga ham kirishardi: qoidabuzarlik bo‘ldimi, to‘p chiziqdan o‘tdimi yoki jarima zarbasi kimga berilishi kerak edi?

Muxlislar orasida 60-uyda yashovchi Alisher Karimov ham bor. Maydonda uning 10 yoshli o‘g‘li Karim to‘p surmoqda. Alisherning o‘zi ham bolaligida shu yerda futbol o‘ynagani uchun boshqa aholi bilan birga hovlini himoya qilish uchun kurashgan.

“Men shu hovlida katta bo‘lganman. Biz bolalar bilan butun bolaligimizni shu futbol maydonida o‘tkazganmiz. Turnirlarda qatnashardik, ko‘pincha g‘olib ham bo‘lardik. Bizga medallar berishar, o‘yinchoqlar sovg‘a qilishar, muzqaymoq bilan mehmon qilishardi. Bu an’ana davom etayotganini va maydonni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganimizni ko‘rish men uchun katta quvonch”, — dedi u.

70-uyda istiqomat qiluvchi Elina Haydarova ham 11 yoshli o‘g‘li Askaralini qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan. Oiladagi ikki katta farzand suzish bilan shug‘ullanadi, kichik o‘g‘li esa bir necha yil avval futbolga qiziqib qolgan va qo‘shni hovlilardan keladigan bolalar yig‘iladigan ushbu maydonga muntazam qatnay boshlagan. Ayolning aytishicha, aynan o‘sha paytda u bolalar uchun bunday joylarni saqlab qolish qanchalik muhimligini yanada chuqurroq his qilgan.

“Mahallamiz aholisi bilan faxrlanamiz va maydonni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganimizdan juda xursandmiz. Bu joy bolalarniki bo‘lib qolishini, ular bu yerda muloqot qilishi, sport bilan shug‘ullanishi va to‘laqonli bolalikni o‘tkazishini istaymiz. Biz, ota-onalar uchun ham bolalarning o‘z hovlisida, hamma bir-birini taniydigan joyda o‘ynashi xotirjamlik bag‘ishlaydi”, — deydi u.

Elina Haydarovaning so‘zlariga ko‘ra, mahalla aholisi yer uchastkasini rasman futbol maydoni sifatida rasmiylashtirishga umid qilmoqda. Agar maydon mahalla balansiga o‘tkazilib, Toshkent futbol assotsiatsiyasining futbol maydonlari reyestriga kiritilsa, hududni obodonlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi: maysa yotqizish, kiyinish xonalarini qurish, yoritish tizimini o‘rnatish va muntazam mashg‘ulotlar uchun sharoit yaratish mumkin bo‘ladi.

Maydon chetida turnirni diqqat bilan kuzatayotganlar orasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, futbol murabbiyi va Toshkent futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Azamat Abduraimov ham bor edi. U vaqti-vaqti bilan o‘yinchilarni chaqirib, himoyani qanday tuzish bo‘yicha maslahatlar berdi, hayajonlanayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatladi.

“Aholi hujjatlarni rasmiylashtirishi bilan Toshkent futbol assotsiatsiyasi bu maydon va bolalarni o‘z homiyligiga oladi. Biz mashg‘ulotlarga yordam beramiz, o‘yinlarni tez-tez o‘tkazamiz va bolalar futbol bilan tizimli ravishda shug‘ullanishi uchun sharoit yaratamiz. Ishonamanki, bugun hovlida to‘p surayotgan shu bolalar orasidan kelajakda O‘zbekistonni xalqaro chempionatlarda hozirgi futbolchilarimiz kabi munosib ravishda namoyon etadigan sportchilar albatta yetishib chiqadi”, — dedi Abduraimov.

Kattalar maydonning kelajagini muhokama qilayotgan bir paytda turnir final bosqichiga yaqinlashdi. Hal qiluvchi o‘yinda Yakkasaroy va Yashnobod tumanlari jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. “Yu. Rajabiy” jamoasi ketma-ket ikki gol urib hisobni ochdi. Raqiblar esa hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuv taqdirini penaltilar seriyasi hal qildi va ramziy tarzda g‘alaba maydon egalariga nasib etdi.

Turnir yakunlanganidan so‘ng barcha ishtirokchilar medallar bilan taqdirlandi. An’anaga ko‘ra, futbolchilar va muxlislarga muzqaymoq ham tarqatildi.

Source: www.gazeta.uz