Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda O‘zbekiston palliativ va hospis yordami assotsiatsiyasi o‘z faoliyatini boshladi. Nodavlat tashkilot hospislarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish va sohada mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.

“Assotsiatsiya tashxisi va kasallik bosqichidan qat’i nazar, har bir bemor munosib hayot kechirish, azob-uqubatlarini yengillashtirish, qo‘llab-quvvatlash va insoniy munosabatga haqli, deb samimiy ishonadigan insonlarni birlashtiradi”, — dedi assotsiatsiya ijrochi direktori Yakov Ten.

Uning so‘zlariga ko‘ra, assotsiatsiyani tashkil etish g‘oyasi taxminan ikki yil avval paydo bo‘lgan. Loyihani ishga tushirishdan oldin xalqaro tajriba o‘rganilgan.

“Palliativ yordamni malakali mutaxassislarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun ta’lim dasturlari, malaka oshirish kurslari, zamonaviy klinik standartlarni joriy etish va ko‘p tarmoqli yondashuvni shakllantirish zarur. Og‘ir kasal bemorlar va ularning oilalari bilan har kuni ishlaydigan hamshiralar, psixologlar, ijtimoiy xodimlar va shifokorlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi”, — dedi Yakov Ten.

Shu bilan bir vaqtda o‘quv dasturini tugatganidan so‘ng Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi kattalar uchun mo‘ljallangan hospisda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladigan mutaxassislar uchun xalqaro ta’lim dasturi ham ishga tushirildi.

Assotsiatsiyaning ilk ta’lim loyihasi Britaniyaning PACED (The Foundation for Palliative Care Education) jamg‘armasi bilan hamkorlikda, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

O‘quv dasturida turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi qariyb 40 nafar hamshira va 10 nafar shifokor ishtirok etishni boshladi. Olti kun davomida ishtirokchilar palliativ yordam asoslari, axloqiy tamoyillar, og‘riqsizlantirish, simptomlarni boshqarish, bemorlarni parvarishlash, muloqot va oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha bilim oladi.

Dastur uchta moduldan iborat. Nazariy tayyorgarlikdan keyin ishtirokchilarni hospisda amaliyot va natijalarni baholash jarayoni kutadi.

Yah’yo Ziyayevning aytishicha, olingan bilimlar faqat nazariy ma’lumot bo‘lib qolmasligi, amaliyotda qo‘llanilishiga alohida urg‘u berilgan.

Dasturni amalga oshirish uchun Litva, Ruminiya va Rossiyadan xalqaro ekspertlar jalb qilingan bo‘lib, ular o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda ishlaydi.

“Ularning barchasi o‘z mamlakatlarida palliativ yordam yo‘nalishining yetakchilari va asoschilaridir. O‘quv yakunida mutaxassislar test sinovidan o‘tadi. Natijalarga ko‘ra, davlat ularning ish faoliyati davomida 100 foizlik ustama to‘lab boradi”, — deya izoh berdi Yah’yo Ziyayev.

Taklif etilgan ekspertlardan biri — Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining palliativ yordam bo‘yicha shtatdan tashqari bosh mutaxassisi Diana Nevzorova palliativ yordamni rivojlantirish sog‘liqni saqlash tizimi yetukligining muhim ko‘rsatkichi ekanini ta’kidladi.

“Mamlakatda, professional hamjamiyatda palliativ yordam g‘oyasi paydo bo‘lsa, demak, bu sog‘liqni saqlash tizimi tuzalib ketmaydigan, ammo yordamga muhtoj bemorlar haqida ham o‘ylashga tayyor degani. Bu juda yaxshi belgi”, — dedi u.

PACED jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Roman Sklotskiy ta’lim dasturining vazifasi faqat bilim berishdan iborat emasligini qayd etdi.

“Biz uchun hospisning o‘zida barqaror ta’lim tizimini shakllantirishga ko‘maklashish muhim. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, aynan jamoalarning kasbiy salohiyatiga kiritilgan investitsiyalar palliativ yordamning barqaror sifatini ta’minlaydi”, — dedi u.

Kelgusida o‘quv va trening markazlari tarmog‘ini yaratish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, palliativ yordamning yagona standartlarini joriy etish va mamlakatning barcha hududlarida bunday xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Birinchi bolalar hospisi — Taskin 2022-yil avgust oyida Toshkent viloyatida ish boshlagan. Shu vaqtga qadar u yerda qariyb 400 nafar bemorga yordam ko‘rsatilgan.

“Hospis — bu shunchaki bemor o‘zini tashlab qo‘yilgandek his qilmasligi kerak bo‘lgan joy emas. Bu og‘riq eshitilishi va yengillashtirilishi lozim bo‘lgan, oila qo‘llab-quvvatlanadigan, tibbiyot mehr-shafqat bilan, kasbiy bilimlar esa inson qadr-qimmatiga chuqur hurmat bilan uyg‘unlashadigan joydir”, — dedi PACED vakili Roman Sklotskiy.

Yah’yo Ziyayevning ma’lum qilishicha, dastur ishtirokchilari faoliyat yuritadigan kattalar uchun mo‘ljallangan hospis iyul oyida Qibray tumanida ochiladi va 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘ladi. U palliativ yordamdan kimlar foydalanishi mumkinligi haqida ham to‘xtaldi.

“Hospis yordamiga muhtoj bemorlarning taxminan 80 foizi uyida qolishi mumkin. Ammo yaqinlari simptomlarni nazorat qila olmaydigan va statsionar yordam zarur bo‘ladigan holatlar ham uchraydi. Ba’zan qarindoshlar uchun og‘ir kasal insonni parvarish qilish ma’naviy va jismoniy jihatdan juda qiyin kechadi. Bunday oilalarga ijtimoiy nafas rostlash imkoniyati kerak bo‘ladi. Bu toifadagi bemorlar ham hospisda bo‘ladi”, — deya tushuntirdi Yah’yo Ziyayev.

Hospis ochilishi bir necha bor kechiktirilgan. Ziyayevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kechikish to‘liq to‘siqsiz muhit yaratish zarurati bilan bog‘liq. Bu kamharakat insonlarning erkin harakatlanishi va bemorlarni g‘ildirakli arava (katalka)larda tashish uchun muhim shart hisoblanadi. Iyul oyidagi ochilishga qadar mazkur masalalarni hal etish rejalashtirilmoqda.

Kelgusida Buxoro va Farg‘onada har biri 50 o‘ringa mo‘ljallangan hududlararo hospislar tashkil etish rejalashtirilgan.

“Biz barcha hospislar statsionar bo‘lishi kerak, degan yondashuvdan voz kechyapmiz. Ko‘p hollarda insonlar uchun uyda bo‘lish qulayroq. Shuning uchun asosiy e’tibor ko‘chma brigadalarga qaratiladi. Butun jarayon E-Palliative elektron platformasi orqali nazorat qilinadi. Bemorning harakat yo‘nalishi, dori vositalarini berish, ularni qabul qilish va har bir brigada ishining samaradorligi raqamlashtiriladi hamda real vaqt rejimida baholanadi”, — dedi u.

Assotsiatsiya vakillarining rejalariga ko‘ra, 2030-yilga qadar qariyb 200 ta ko‘chma tibbiy brigada uy sharoitida ko‘rsatiladigan palliativ yordamga bo‘lgan ehtiyojning taxminan 80 foizini qamrab olishi mumkin.

“Og‘ir ahvoldagi bemorlar shifoxonalarga qatnab yurmaydi. Aksincha, palliativ yordam bemorning uyigacha yetib boradi”, — deya ta’kidladi Yah’yo Ziyayev.

Assotsiatsiyada qayd etilishicha, palliativ yordam faqat onkologik bemorlar uchun emas, balki boshqa og‘ir kasalliklarga chalingan insonlar uchun ham mo‘ljallangan. Yaqin yillarda qamrovni kengaytirish, mamlakat bo‘ylab kattalar va bolalar bilan ishlaydigan sohaviy mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan.

“Palliativ yordam butun oilaga bu yo‘lni birgalikda bosib o‘tishda yordam beradi. Biz buni kelajak uchun, har bir inson tashxisi, yoshi, jinsi va yashash joyidan qat’i nazar sifatli palliativ yordam olishi mumkin bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimini shakllantirish uchun qilyapmiz”, — dedi assotsiatsiya menejeri Kamilla Turaxo‘jayeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, assotsiatsiya faoliyati har kuni inson dardi bilan yuzma-yuz keladigan va katta mas’uliyatni zimmasiga oladigan shifokorlar, hamshiralar, psixologlar hamda ijtimoiy xodimlarga qaratilgan. Ular zarur ko‘nikma va bilimlarga, qo‘llab-quvvatlashga, zamonaviy vositalarga hamda istalgan payt yordam berishga tayyor professional hamjamiyat borligiga ishonchga ega bo‘lishi muhim.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida kattalar uchun hospisni 2019-yilda ochish rejalashtirilgan edi. Biroq mablag‘ yetishmasligi sababli loyiha har yili kechiktirib kelingan. Fevral oyida sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov (may oyida lavozimidan ozod etilgan) hospisda pardozlash ishlari yakunlanganini ma’lum qilib, uni ishga tushirishning dastlabki muddati sifatida mart oyi oxiri belgilanganini aytgan edi.

Hospislar va palliativ yordam bo‘limlarini qurish prezidentning 2017-yildagi onkologiya xizmatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan edi. Hududlararo muassasalar poytaxt, Farg‘ona, Samarqand (2023-yilda ochilgan) va Xorazmda (2012-yilda ochilgan, qaror qabul qilingandan keyin kengaytirilgan) tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi.

2023-yilda Gazeta O‘zbekistonda onkologik bemorlar qanday vafot etayotgani va davlat nega ularning hayotini qo‘llab-quvvatlashi kerakligi haqida “Quruq o‘lim” nomli katta maqolani e’lon qilgan edi (maqola rus tilida — tahr.).

Source: www.gazeta.uz