Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Yig‘ilishda prezident bugun korxonalardagi yosh laborantlar, dual ta’lim asosida ishlayotgan talabalar bilan gaplashib, olimlarning taqdimoti bilan tanishib, sohaga ilm-fan kirib borayotganiga amin bo‘lganini ta’kidladi. Biroq, bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘pligi qayd etildi.

Sohada ta’lim, tadqiqot, laboratoriya, startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizim yaratiladi. Buning uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar yerda Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil qilinadi. Mazkur klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etiladi. Ushbu markazda tajriba-sinov o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.

Kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali klaster hududiga ko‘chiriladi.

Suvda eriydigan o‘g‘it, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan katta loyihalar hisobiga nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo, sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarga talab paydo bo‘ladi.

Shu maqsadda kimyo sohasida kadr tayyorlaydigan 35 ta oliygohning professor o‘qituvchi va kafedra mudirlari loyihalarga biriktirildi.

Yangi o‘quv yilidan ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib kadr tayyorlashni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Umuman, kimyo sanoati bo‘yicha 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Ushbu katta marralarni bajarish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish talab etiladi. Shu bois, “O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Source: www.gazeta.uz